Toshkentda yo‘lning qarama-qarshi yo‘nalish uchun mo‘ljallangan tomonida harakatlangan Spark aks etgan video internetda paydo bo‘ldi. Videolavha Faceboook’dagi “Voditeli Tashkenta” guruhida foydalanuvchilardan biri tomonidan qo‘yilgan.
Videolavhada Spark yo‘lning qarama-qarshi yo‘nalish uchun mo‘ljallangan tomonida o‘ta xavfli tarzda harakatlanib borgani va yo‘l-yo‘lakay o‘z yo‘nalishi bo‘yicha harakatlanayotgan bir nechta avtomobil bilan to‘qnashib ketishiga bir bahya qolgani ko‘rinib turadi. Shuningdek, Spark bilan yonma-yon to‘y korteji harakatlanayotgani, kortejdagi mashinalardan ba’zilari ham qarama-qarshi yo‘nalishga o‘tgani aks etgan.
Videoyozuv ostiga izoh qoldirgan guruh a’zolari ushbu harakatni keskin tanqidga olgan. Foydalanuvchilarning ko‘pchiligi Spark kortejning bir qismi ekanligini ta’kidlagan bo‘lsa, ba’zilari bu butun yo‘lni egallab olgan kortejdan asabi buzilgan haydovchi bo‘lishi mumkinligini taxmin qilgan. Izoh qoldirganlarning aksariyati ushbu videoyozuvni DAN xodimlariga topshirib, qoidabuzarga nisbatan tegishli choralar ko‘rish lozimligi haqidagi fikrni yoqlagan.
Guruh a’zolarining qayd etishicha, “tumanli ko‘l” (yoki “delfin”) rangida bo‘lgan ushbu Spark avtomobilining davlat raqami − 01 X 373 QA. Mashina ichidagi odamlar kimligi, shuningdek video qachon va qayerda yozib olingani ma’lum emas.
Izoh (0)