Birlashgan Arab Amirliklarining Abu Dabi shahrida Xalqaro Paralimpiya Qo‘mitasi rahnamoligida Osiyo Paralimpiya Qo‘mitasining Bosh Assambleyasi bo‘lib o‘tmoqda, deb xabar berdi O‘zbekiston milliy paralimpiya assotsiatsiyasining matbuot xizmati.
Ushbu tadbirda Markaziy Osiyo mintaqasi bo‘yicha koordinator hisoblangan O‘zbekiston milliy paralimpiya assotsiatsiyasi raisi o‘rinbosari Umid Ahmadjonov ham ishtirok etmoqda. Assambleyada saylangan Osiyo Paralimpiya Qo‘mitasining yangi Ijro qo‘mitasi tarkibiga kirgan Umid Ahmadjonov Markaziy Osiyo mintaqasi bo‘yicha koordinator vakolatlarini ham davom ettiradigan bo‘ldi.
Assambleyada Ahmadjonovga O‘zbekistonning xalqaro musobaqalardagi ajoyib natijalari, shuningdek davlat tomonidan paralimpiya sport turlariga qaratilayotgan yuqori e’tibor uchun faxriy sovrin topshirildi. O‘zbekiston milliy paralimpiya assotsiatsiyasi Osiyo qit’asining eng yaxshi sport tashkiloti deb topildi.
Ushbu assambleyada Osiyo qit’asining 45 mamlakatidan vakillar, rasmiy shaxslar, shuningdek, Xalqaro ko‘zi ojizlar sport assotsiatsiyasi, yengil atletika, dzyudo va Paralimpiada dasturidan o‘rin olgan boshqa sport turlari bo‘yicha xalqaro federatsiyalar vakillari ishtirok etmoqda.
Izoh (0)