Buxoro viloyatida yo‘l va ko‘priklarni ta’mirlash, yangilarini qurishga alohida e’tibor qaratilmoqda, deb xabar beradi O‘zbekiston Milliy axborot agentligi.
Yaqinda davlat ahamiyatiga ega Galaosiyo — Romitan avtomobil yo‘lining ma’lum qismi hamda Zarafshon daryosining eski o‘zani ustidagi ko‘prik ta’mirlanib, foydalanishga topshirildi.
O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining joriy yil 24-mayda qabul qilingan “2014-yilda umumiy foydalaniladigan xalqaro va davlat ahamiyatidagi avtomobil yo‘llarini mukammal ta’mirlash dasturi to‘g‘risida”gi qarori ijrosi doirasida amalga oshirilgan ushbu bunyodkorlik ishlari Romitan tuman yo‘l xo‘jaligi korxonasi tomonidan bajarildi.
“Galaosiyo – Romitan avtomobil yo‘lining belgilangan qismidagi ishlar o‘z vaqtida, sifatli amalga oshirildi, — dedi mazkur korxona rahbari Madiyor Ro‘ziyev. – Ushbu yo‘lning uzviy qismi hisoblangan ko‘prikning eni ikki barobar — qariyb 24 metrga kengaytirildi. Uning ikki tomonida piyodalar yo‘lakchasi qurilib, tungi yoritgichlar o‘rnatildi. Bu ishlar haydovchi va yo‘lovchilarga katta qulaylik yaratish barobarida ko‘prikning harakat xavfsizligini ta’minlash darajasini oshirdi”.
Viloyatda yo‘l qurilishi bilan bog‘liq ishlar davom ettirilmoqda. Shu kunlarda Olot, Vobkent, Romitan va Jondor tumanlaridagi davlat ahamiyatiga ega avtomobil yo‘llarining bir qismi — 78 kilometri ta’mirlanmoqda.
Izoh (0)