Toshkent shahrida ozodlikdan mahrum qilingan o‘g‘lini qamoq jazosidan qutqarish uchun turli yo‘llarni qidirib yurgan ayol ichki ishlar idorasining oldida o‘ziga notanish bo‘lgan fuqaro bilan tanishib qoldi. Bu haqda O‘zbekiston Respublikasi Bosh Prokuraturasining “Huquq” gazetasi xabar bermoqda.
Kimga dardini aytishni bilmay yurgan ayol notanish kimsaga o‘g‘lining qamoqda ekanligini aytdi. Paytdan unumli foydalanmoqchi bo‘lgan fuqaro esa bu ishni hal qilishga pul kerakligini aytib, ayolni ishontirdi. Firibgarning gaplariga ishongan ona bunga rozi bo‘ldi.
Firibgar ayolning soddaligidan foydalanib, uning oldida kimgadir qo‘ng‘iroq qilgandek bo‘lib, “xarajat”ning bahosini belgiladi. Unga 3000 dollar bersa, ishi hal bo‘lishini aytdi. Pulni uch kundan kechiktirmaslik kerakligini ham ta’kidladi. Ular o‘zaro va’dalashib, navbatdagi uchrashuv kunini belgilab oldi.
Firibgar ayoldan olgan pulni o‘z ehtiyojlari uchun sarflab yubordi, unga bergan raqami esa o‘chirilgan deb berdi. Oradan bir oy o‘tib ketdi: ayolning ishi hal bo‘lmadi.
Nihoyat, sabri tugagan ona aldanib qolganini tushunib, firibgarning ustidan tuman ichki ishlar idorasiga shikoyat arizasi bilan murojaat qildi. Mazkur voqea yuzasidan barcha ko‘rsatmalar tergov davomida o‘z tasdig‘ini topib, jinoiy ishlar bo‘yicha Yunusobod tuman sudining hukmiga ko‘ra firibgar Jinoyat kodeksining tegishli moddalariga asosan aybdor deb topildi va unga nisbatan tegishli jazo tayinlandi.
Izoh (0)