Rossiya federatsiyasi prezidenti Vladimir Putin Qrim va Sevastopolda erkin iqtisodiy zona (EIZ) tashkil etish to‘g‘risidagi qonunni imzoladi, deb xabar bermoqda “Gazeta.ru”.
Yangi qonunlar to‘plami viza rejimini soddalashtirish, foydadan olinadigan soliq hamda ijtimoiy jamg‘armalarga to‘lanadigan to‘lovlarni kamaytirish va qator bojxona to‘lovlaridan ozod qilishni ko‘zda tutadi. EIZ tashkil etish muddati uzaytirilish imkoniyati bilan 25 yil qilib belgilandi. Yirik sarmoyadorlar qo‘shimcha soliq imtiyozlari va erkin bojxona hududi rejimidan foydalanishlari mumkin. EIZ ishtirokchisiga aylanish uchun kompaniya loyihasini amalga oshirish ko‘rsatilgan investitsiya deklaratsiyasini taqdim etishi lozim.
Faoliyat yuritish uchun kerak bo‘ladigan import mahsulotlari, shuningdek butlovchi qismlar va uskunalar yarimorol hududiga bojsiz olib kirilishi mumkinligi ko‘zda tutilgan. Sarmoyadorlarga ishlab chiqarilgan mahsulotlarni Rossiya hududida sotish, shuningdek Bojxona ittifoqi mamlakatlariga eksport qilish huquqi beriladi.
Izoh (0)