2014-yilda Buyuk Britaniyada yangi tug‘ilgan o‘g‘il bolalarga Muhammad, qiz bolalarga Sofiya ismi eng ko‘p qo‘yilgani ma’lum bo‘ldi. Bu haqda BabyCentre tadqiqotiga asoslanib, “Gazeta.ru” xabar bermoqda.
Top-100 ro‘yxatiga Umar, Ali va Ibrohim ismlari ilk marta kirgan. Maryam ismi birdaniga 59 pog‘ona yuqorilab, 35-o‘rindan joy olgan bo‘lsa, reytingga endigina kirgan Nur ismi 29-o‘rinda joylashgan.
O‘g‘il bolalar ismlari ro‘yxatida Muhammaddan keyin Oliver va Jek, qiz bolalar ismlari orasida Sofiyadan keyin Emili va Lili bormoqda. Top-100 ro‘yxatida arab ismlarining ko‘payishi aholi etnik tarkibining o‘zgarayotganidan darak berishi qayd etilgan. Jorj, Garri va Uilyam singari “qirollik” ismlarini qo‘yish kamaygan holda, Devid Bekxem farzandlarining ismlari kuchli yuzlikdagi o‘rinlarini saqlab qolgan.
Shuningdek, Muhammad ismi Norvegiyada ham Yan ismini ortda qoldirib, birinchi o‘ringa chiqib olgani xabar berilgan.
Izoh (0)