Singapurdagi restoran rahbariyati 2015-yil yakuniga qadar uchuvchi robot-ofitsiantlarni “ishga olish”ni mo‘ljallamoqda. Bu haqda “Sinxua” axborotiga tayanib, “Rossiyskaya gazeta” xabar bermoqda.
Qayd etilishicha, Singapur Bosh vaziri Li Syan Lunga ko‘rsatilgan robot-ofitsiantlar vazir tomonidan ma’qullangan.
Timbre Group tarmog‘iga kiruvchi uchuvchisiz qurilmalarni Singapurning Infinium Robotics kompaniyasi yetkazib beradi. Mazkur firmalar joriy yilning oktabr oyida o‘zaro hamkorlik bo‘yicha memorandum imzoladi.
Restoran biznesida robotlardan foydalanish faqatgina odamlar uchun ish topishning qiyinlashib ketishidek salbiy holatga emas, balki ijobiy natijaga ham olib kelishi taxmin qilinmoqda. Xususan, robotlar ofitsiantlik qilayotganida, restoran xodimlari o‘zlarining butun e’tiborini yanada murakkabroq vazifalarga qaratish imkoniyatiga ega bo‘ladi.
“Bu ish samaradorligini oshirib, restoran savdosi va daromadlarini ko‘paytiradi”, — dedi Infinium Robotics kompaniyasining ijroiya direktori Von Yunyan.
Ma’lumot uchun, Xitoy Xalq Respublikasida bundan uch yil avval ochilgan Dalu Robot restoranida mijozlarga androidlar xizmat qilib kelmoqda.
Izoh (0)