Iqtisodiy sohada qidiruvlar olib boruvchi Germaniyaning Wifka byurosi Ukrainada halokatga uchragan “Boing-777” samolyotining tergoviga oydinlik kiritishga yordam beradigan axborot uchun mukofot puli to‘lashga tayyor. Bu haqda kompaniya vakili, xususiy izquvar Yozef Resh Capital internet-nashriga bergan intervyusida ma’lum qildi, deb xabar bermoqda “Kun.uz”.
Wifka ismi oshkor qilinmayotgan shaxsdan bu nohush hodisa bo‘yicha tergov olib borishga buyurtma olgan. “Buyurtmachi bu jinoyat ortida kim turgani haqidagi axborot uchun avvalgidek 30 mln dollar, bu jinoyat bo‘yicha olib borilayotgan tergov ishiga xalaqit berayotgan va uni bosdi-bosdi qilishga urinayotganlar haqidagi axborot uchun yana 17 mln dollar to‘lashi haqida e’lon qildi. Biz ikkinchi Edvard Snoudenni qidirayapmiz”, − dedi Resh. U 17 soni “MH17” reys raqamidagi songa to‘g‘ri kelishiga e’tiborni qaratdi.
Reshning ta’kidlashicha, izquvarlar mingdan ziyod elektron xabarlar, o‘nlab xatlar, yuzlab telefon qo‘ng‘iroqlarini qabul qilgan. “Bu ma’lumotlarning 99 foizini tashlab yuborish mumkin. Qolganlari esa sinchkovlik bilan o‘rganib chiqishga molik ma’lumotlardir. Boshida 10 kishining axboroti qiziq ko‘ringan edi, hozirda ulardan besh nafari bergan ma’lumot o‘rganilmoqda”, − dedi izquvar.
Uning so‘zlariga ko‘ra, ko‘pgina manbalardan ataylab yolg‘on ma’lumotlar berilmoqda: kimdir samolyot ukrainaliklar tomonidan, kimdir rossiyaliklar tomonidan, yana kimdir ayirmachilar tomonidan urib tushirilgan deb, haqiqat o‘rniga yolg‘on axborotni sotishga urinmoqda.
Mukofot puli Syurix shahrida saqlanmoqda. Izquvarlik agentligi “to‘liq maxfiylikni kafolatlaydi” va axborot beruvchilarga “yuqori darajadagi xavfsizlik choralarini ko‘rishlari”ni, masalan, advokatlar orqali aloqa o‘rnatishni tavsiya qilmoqda.
Eslatib o‘tamiz, 17-iyul kuni Malaysia Airlines’ning Amsterdamdan Kuala-Lumpurga uchib ketayotgan “Boing-777” layneri Ukrainaning Donetsk viloyatida qulagan edi. Samolyot bortida bo‘lgan 298 kishining barchasi halok bo‘lgan.
Izoh (0)