Rossiya Prezidenti Vladimir Putin joriy yilning dekabr oyida Toshkentga tashrif buyurishni rejalashtirgan. Bu haqda Putin Kremlda bo‘lib o‘tgan xorijiy davlatlar elchilariga ishonch yorliqlarini topshirish marosimida ma’lum qildi, deb xabar bermoqda “TASS”.
Ushbu marosimda O‘zbekistonning Rossiya Federatsiyasidagi yangi tayinlangan elchisi Akmal Kamolov ham Vladimir Putinga ishonch yorlig‘ini topshirishi haqida avvalroq xabar berilgan edi.
“O‘zbekiston Prezidenti Islom Karimovning taklifiga binoan dekabrda Toshkentga tashrif buyurishni rejalashtiryapman. Ushbu tashrif ikki tomonlama munosabatlarni yanada rivojlantirish va Markaziy Osiyo mintaqasidagi barqarorlikni mustahkamlashga zamin yaratishi shubhasiz”, − dedi Putin.
Shuningdek, Rossiya Prezidenti bu yil Rossiya va O‘zbekiston o‘rtasida Strategik sherikchilik to‘g‘risidagi shartnomaning imzolanganiga o‘n yil to‘lganini ta’kidladi. “Bu davr mobaynida ikki tomonlama hamkorlikning deyarli barcha sohalarida jiddiy natijalarga erishildi”, − dedi Putin.
Izoh (0)