O‘zbekiston va Turkmaniston Dunyo xayr-saxovat reytingi (World Giving Index)ning birinchi o‘ttiztaligiga kirdi, deya xabar bermoqda “Gazeta.uz”. Reyting 18-noyabr, seshanba kuni CAF (Charities Aid Foundation) xayriya jamg‘armasi tomonidan taqdim etildi.
Xayr-saxovat bo‘yicha 2014-yilgi dunyo reytingi Gallup kompaniyasi tomonidan 2013-yil davomida 135 ta mamlakatda o‘tkazilgan so‘rov ma’lumotlari bo‘yicha tuzilgan. Mamlakatning reytingdagi o‘rni xayriya tashkilotlariga mablag‘ o‘tkazish, ko‘ngilli sifatida ishlash, notanish muhtoj kishiga yordam berish kabi uchta yo‘nalish bo‘yicha o‘rtacha ko‘rsatkichdan kelib chiqib belgilanadi.
Tadqiqot natijalariga ko‘ra, O‘zbekiston (28-o‘rin) va Turkmaniston (23-o‘rin) boshqalarga to‘g‘ridan-to‘g‘ri yordam beradigan kishilar sonining yuqori ko‘rsatkichlari (tegishli ravishda 46% va 53%) hisobiga reytingda yetakchilar qatoriga chiqib oldi. MDH mamlakatlaridan Tojikiston 34-o‘rin, Qirg‘iziston 83-o‘rin, Qozog‘iston 101-o‘rin, Rossiya 126-o‘rinlarni egalladi.
AQSh va Myanma reyting yetakchilariga aylandi, uchinchi pog‘onani Kanada, to‘rt va beshinchi pog‘onalarni esa Irlandiya va Yangi Zelandiya band etdi. Yuqori o‘ntalikdan, shuningdek Avstraliya, Malayziya va Buyuk Britaniya (yettinchi o‘rinni bo‘lib olishdi), Shri-Lanka, Trinidad va Tobago o‘rin oldi. Reytingdagi eng past ko‘rsatkich esa Yamanga tegishli bo‘ldi.
Izoh (0)