Joriy yilning 7—16-noyabr kunlari Qozog‘istonning Olma-Ota shahrida og‘ir atletika bo‘yicha kattalar o‘rtasida jahon chempionati bahslari o‘tkazildi. Dunyoning 72 davlati vakillari ishtirokida o‘tkazilgan mazkur nufuzli musobaqada 2016-yil Rio-de-Janeyro shahri (Braziliya)da o‘tkaziladigan XXXI yozgi Olimpiada o‘yinlarining yo‘llanmalari uchun dastlabki ochkolar ham o‘ynaldi. Bu haqda O‘zbekiston Milliy Olimpiya qo‘mitasi xabar bermoqda.
Ta’kidlash joizki, 2016-yilgi Olimpiada o‘yinlarining yo‘llanmalari uchun ochkolar 2014—2015-yillarda o‘tkaziladigan jahon chempionatlari va qit’a chempionatlarida erishilgan natijalarning yakunlariga ko‘ra beriladi.
E’tiborlisi, Olma-Otada bo‘lib o‘tgan jahon chempionatida O‘zbekiston erkaklar terma jamoasi bitta oltin, ikkita kumush va bitta bronza medalini qo‘lga kiritib, umumjamoa hisobida 7-o‘rinni, ochkolar bo‘yicha esa 9-o‘rinni egalladi (erkaklar o‘rtasidagi musobaqada 52 davlat vakili ishtirok etgan) va Olimpiada o‘yinlarining beshta litsenziyasini deyarli naqd qilib qo‘ydi. O‘zbekiston ayollar terma jamoasi esa ochkolar hisobida 10-o‘rinni egallab (ayollar musobaqasida 47 davlat vakili qatnashdi), uchta yo‘llanmaga ega bo‘ldi.
“Albatta, og‘ir atletikachilarimizning erishgan natijalari har qancha tahsinga loyiq, — dedi O‘zbekiston milliy olimpiya qo‘mitasi boshqarma boshlig‘i Rashid Matkarimov. — Agarda hamyurtlarimiz 2015-yil AQShda o‘tkaziladigan navbatdagi jahon chempionatida bundanda yaxshi ko‘rsatkichga erishsalar, yo‘llanmalarimiz soni yana bittaga oshishi mumkin. Aksincha, okean ortida o‘tkaziladigan jahon chempionatida Olma-Otada erishilgan natijalardan past ko‘rsatkichlar qayd etilgan taqdirda ham yo‘llanmalarimiz soni nari borsa sakkiztadan yettitaga tushishi mumkin. Nima bo‘lgan taqdirda ham og‘ir atletikachilarimiz 2016-yilgi Olimpiada o‘yinlarida qatnashishlari aniq bo‘ldi”.
O‘zbekiston terma jamoasi muvaffaqiyatiga Ruslan Nuriddinov (-105 kg.), Ulug‘bek Alimov (-85 kg), Ivan Yefremov (+105 kg), Sardorbek Do‘stmurodov (-105 kg), Doston Yoqubov (-69 kg), Muhammad Begaliyev (-85 kg), Adhamjon Ergashev (-62 kg), Marina Sisoyeva (-53 kg), Mahliyo Tog‘ayeva (-48 kg), Manzura Mamasoliyeva (-69 kg), Farangiz Shomurodova (-58 kg) va Lola Qodirova (-48 kg) hissa qo‘shdi.
Olma-Otada o‘tkazilgan Jahon chempionatida O‘zbekiston sharafini munosib himoya qilgan sportchilar bugun Toshkent vaqti bilan soat 18:20 da qaytib keladi.
Izoh (0)