Eshita olish qobiliyatini yo‘qotgan 32 yoshli britaniyalik olim endilikda qayerda bo‘lishidan qat’i nazar, Wi-Fi’ni tinglay oladi. Bu haqda The Independent nashriga tayanib, “RIA Novosti” xabar bermoqda.
Londonlik Frenk Sveyn 20 yoshidan boshlab eshitish qobiliyatini yo‘qota boshlagan. 2012-yilda unga eshitish qurilmasi o‘rnatilgan. Oradan ikki yil o‘tib, Sveyn ovoz bo‘yicha mutaxassis Deniel Jouns bilan hamkorlikda Wi-Fi signallarini tinglash imkonini beradigan Phantom Tearrains qurilmasini yaratdi.
Ishlab chiqilgan usul Wi-Fi signallarini odam eshitadigan ovozga “tarjima qilish”ga yordam beradi. Mazkur ovozlar Wi-Fi tarmog‘i nuqtalarining nomlari to‘g‘risidagi ma’lumotlardan kelib chiqib, shifrlashdan foydalangan holda ma’lumot uzatilishining tezligi va signal kuchiga asoslanib yaratiladi. Olingan barcha ma’lumotlar Frenkning mobil telefonida tahlil qilinadi.
Qayd etilishicha, olim hattoki Londondagi BBC ofisi yonidan o‘tayotganida tarqalayotgan internet unga qanday eshitilishini ko‘rsatish uchun maxsus xarita va audioyo‘l ham yaratgan.
Izoh (0)