“Barselona” klubi sobiq prezidenti Joan Laporta kataloniyaliklar boshqaruviga qaytishni rejalashtirmoqda, deb xabar beradi Uff.uz.
Laporta 12-noyabr kuni Madridda mashhur agent Jorje Mendesh bilan uchrashdi. Uchrashuv chog‘ida restoranda “Yuventus” hujumchisi Fernando Lyorente ham agenti Visente Garrido bilan ishtirok etdi. Laporta va Mendesh biroz muddat Lyorente bilan suhbatlashgach, holi qoldi va o‘zaro muzokara boshladi.
Suhbat chog‘ida Mendesh Laportani ayni vaqtda transfer olamidagi holat bilan tanishtirdi. Laporta “Barselona” prezidentligi uchun o‘tadigan 2016-yilgi saylov oldidan barcha ma’lumotlarni yig‘ib olishni istamoqda.
Shu bilan birga Joan Laporta Jorje Mendeshdan Krishtianu Ronalduning transfer qiymatini ham so‘radi. Ammo Mendesh bu transferni amalga oshirish mutlaqo mumkin emasligini bildirib o‘tdi.
Eslatib o‘tamiz, Joan Laporta “Barselona”ning ayni vaqtdagi prezidenti Xosep Mariya Bartomeuni bir necha bora tanqid qilib o‘tgan edi.
Izoh (0)