O‘zbekiston Respublikasi Savdo-sanoat palatasi O‘zbekiston menejerlar uyushmasi va “Parrandasanoat” uyushmasi hamkorligida birinchi Toshkent xalqaro parrandachilar forumini tashkil etdi, deb xabar bermoqda O‘zbekiston Milliy axborot agentligi.
Unda O‘zbekiston Respublikasi Qishloq va suv xo‘jaligi vazirligi, Savdo-sanoat palatasi, O‘zbekiston menejerlar va “Parrandasanoat” uyushmalari, Xalqaro parrandachilik kengashi vakillari, mamlakatimiz va MDH davlatlari parrandachilik fabrikalari rahbar va mutaxassislari, naslchilik materiallari, asbob-uskunalar, ozuqa qo‘shimchalari, veterinariya preparatlari yetkazib beradigan firma va kompaniyalar hamda boshqa manfaatdor kompaniyalar vakillari ishtirok etmoqda.
O‘zbekiston Respublikasi Savdo-sanoat palatasi raisi A. Shayxov, “Parrandasanoat” uyushmasi raisi A. Isoboyev va boshqalar bugungi kunda parrandachilik mamlakatimiz agrosanoat kompleksining barqaror va jadal rivojlanayotgan tarmog‘i ekanini ta’kidladi.
Forumda tarmoq oldida hali o‘z yechimini kutayotgan vazifalar turgani ta’kidlandi. Bu vazifalarni parrandachilik xo‘jaliklarida barqaror veterinariya xavfsizligini ta’minlash, yangi obyektlar bunyod etish va mavjudlarini modernizatsiya qilish, parranda naslchiligini rivojlantirish, ishlab chiqarish hajmi, mahsulot turi va veterinariya-sanitariya sifatini oshirish orqali hal etish mumkin.
Shu munosabat bilan soha mutaxassislari forumda parrandachilikni rivojlantirishning innovatsion yondashuvlarini muhokama qilib, tarmoqni yanada yuksaltirish borasida tajriba almashmoqda, takliflar ishlab chiqmoqda. Parranda mahsulotlari ishlab chiqarish hajmini oshirish, katta va kichik parrandachilik, fermer va dehqon xo‘jaliklarida parranda sonini ko‘paytirish muhim masalalar sirasiga kiradi.
“O‘zbekiston parrandachilik korxonalari bilan ko‘pdan buyon hamkorlik qilib kelamiz va maxsus asbob-uskuna hamda preparatlar yetkazib bermoqdamiz, – dedi Germaniyaning “Big Datchmen International” kompaniyasi vakili V. Galle. – Shuni ta’kidlash kerakki, sohada keng ko‘lamli o‘zgarishlar bo‘layotgani samarasida O‘zbekiston parrandachilik korxonalari ishlab chiqarish hajmini sezilarli ravishda oshirmoqda. Tuxum va go‘sht yetishtirishda boy genetik salohiyatga ega bo‘lgan ushbu korxonalar tarmoqni yangi rivojlanish bosqichiga olib chiqmoqda”.
Tadbirda xo‘jaliklarning veterinariya-sanitariya holatini yaxshilashga ham alohida e’tibor qaratildi. Bu nafaqat mahsuldorlik va parrandani parvarish qilishning yuqori ko‘rsatkichlari, balki mahsulot sifati va xavfsizligini kafolatlash, ularning yuqori tibbiy-biologik ahamiyatini baholashga bog‘liqdir.
Forum doirasida parrandachilik korxonalaridagi veterinariya-sanitariya va ekologik holatni, barcha ishlab chiqarish bo‘linmalari, ayniqsa, veterinariya va zootexnika xizmatlarining o‘zaro tizimli asosda faoliyat ko‘rsatishi, sohada innovatsion dori vositalarini ishlab chiqish, broylerni yetishtirishning yangi texnologiyalari kabi masalalar ham muhokama qilinadi.
Yevroosiyo parrandachilar uyushmasi prezidenti S. Shabayevning fikricha, parrandani oziqlantirish, korxonalarni veterinariya, zootexnika va boshqa zamonaviy uskunalar bilan ta’minlash masalasi muhokamasiga bag‘ishlangan ushbu xalqaro forum soha vakillariga o‘zaro yaqin hamkorlik munosabatlarni yo‘lga qo‘yish, dolzarb masalalarni hal qilishda yangi yondashuvlarni ishlab chiqish va yangi hamkorlar topish imkonini beradi.
Forum doirasida parrandachilik fabrikalari rahbarlari, zootexniklar, veterinarlar va boshqa mutaxassislarning o‘zaro fikr va tajriba almashishiga yo‘naltirilgan seminarlar, taqdimot va bahs-munozaralar o‘tkaziladi.
Izoh (0)