O‘zbekiston milliy olimpiya qo‘mitasining Bosh kotibi Oybek Qosimov 2014-yilning 7—8 noyabr kunlari Bangkok shahrida o‘tkaziladigan Milliy olimpiya qo‘mitalari assotsiatsiyasining (MOQA) XIX Bosh Assambleyasida ishtirok etish uchun bugun Tailand poytaxtiga jo‘nab ketdi. Bu haqda O‘zbekiston Milliy Olimpiya qo‘mitasi xabar bermoqda.
Bu yilgi assambleya yig‘ilishida dunyoning 200 dan ziyod davlatlarining MOQ rahbariyati, shuningdek, Xalqaro olimpiya qo‘mitasi, Milliy olimpiya qo‘mitalari assotsiatsiyasi hamda xalqaro sport tashkilotlarining rahbarlari ishtirok etadi.
“Assambleya yig‘ilishida Milliy olimpiya qo‘mitalari assotsiatsiyasi prezidenti, Osiyo olimpiya kengashi rahbari Shayx Ahmad Al-Fahad As-Saboh, shuningdek, MOQA Bosh kotibi hamda qit’aviy vitse-prezidentlar, MOQAning turli komissiya va bo‘limlari rahbarlarining o‘tgan davr mobaynida amalga oshirilgan ishlar hamda istiqboldagi rejalar yuzasidan ma’ruzalari tinglanib, MOQAning 2014—2018-yillardagi rahbariyati saylanadi.
Bundan tashqari, assambleya yig‘ilishida 2016-yil Rio-de-Janeyro shahri (Braziliya)da va 2020-yil Tokio (Yaponiya)da o‘tkaziladigan yozgi Olimpiya o‘yinlari, shuningdek, 2016-yil Norvegiyaning Lillixammer shahrida hamda 2018-yil Buenos-Ayres (Argentina)da o‘tkaziladigan qishki va yozgi o‘smirlar olimpiada o‘yinlari, 2018-yil Janubiy Koreyaning Pxyonchxan shahrida o‘tkaziladigan qishki olimpiada o‘yinlari tashkiliy qo‘mitalari rahbarlarining tayyorgarlik ishlari bo‘yicha hisobotlari tinglanadi.
Assambleya yig‘ilishida qit’aviy musobaqalarning tashkiliy qo‘mita rahbarlari hamda Butunjahon dopingga qarshi agentligi rahbari Kreyg Ridi ham o‘tgan davr mobaynida amalga oshirilgan ishlar yuzasidan ma’ruza qiladi. Safar davomida Xalqaro olimpiya qo‘mitasi, Osiyo olimpiya kengashi va turli davlat MOQlari rahbariyati bilan uchrashuvlar ham rejalashtirilgan”, — dedi O‘zbekiston milliy olimpiya qo‘mitasi bosh kotibi Oybek Qosimov.
Milliy olimpiya qo‘mitalari assotsiatsiyasining Bosh Assambleyasida Olimpiya birdamligi dasturi bo‘yicha amalga oshirilgan sa’y-harakatlar hamda 2022-yilgi qishki Olimpiada o‘yinlarining mezbonligiga da’vogar davlatlar vakillarining tayyorgarlik dasturi bilan bog‘liq masalalari yuzasidan ham ma’ruzalar tinglanadi.
Izoh (0)