O‘zbekistonda 2014-yilning to‘qqiz oyida 141 korxonada moliyaviy sog‘lomlashtirish tadbirlarini amalga oshirish uchun “Yo‘l xaritalari” doirasida qiymati 558 milliard so‘m miqdoridagi investitsiyalar, jumladan, banklarning 360,6 milliard so‘mlik kreditlari jalb qilindi. Bu haqda O‘zA xabar bermoqda.
Amalga oshirilgan tadbirlar natijasida 119 korxona zarar ko‘rishdan chiqarildi va ular 139,2 milliard so‘m daromad oldi, 2300 dan ziyod yangi ish o‘rni tashkil etildi va qayta tiklandi. Qayta tashkil etilayotgan korxonalarda jami qiymati 4,5 trillion so‘mlik mahsulot ishlab chiqarildi va xizmatlar ko‘rsatildi, shuningdek, qiymati 192,6 million dollarlik mahsulot eksport qilindi.
Zarar ko‘rib ishlayotgan va iqtisodiy nochor korxonalarning ishlab chiqarish quvvatlarini optimallashtirish hamda ulardan foydalanish samaradorligini oshirish maqsadida maydoni 539,5 ming kvadrat metrdan iborat bo‘sh turgan 330 obyekt va 216 gektardan ziyod foydalanilmayotgan yer uchastkalarini yangi mulkdorlarga sotish ishlari boshlandi.
Tarmoqlar raqobatbardoshligini yuksaltirish bo‘yicha chora-tadbirlarni amalga oshirish doirasida joriy yil boshidan buyon yirik korxonalarda qiymati 184,5 million dollarga teng 2770 ma’naviy va jismoniy eskirgan uskuna almashtirildi. Ishlab chiqarish jarayonini oqilona tashkil etish, korxonalarni texnologik yangilash, xomashyo va materiallar sarfini kamaytirish bo‘yicha amalga oshirilgan chora-tadbirlar natijasida shu yilning to‘qqiz oyida yirik sanoat korxonalarida ishlab chiqarilayotgan mahsulot tannarxi o‘rtacha 9,2 foizga kamaytirildi, sanoatda ish unumdorligi 6,6 foizga oshirildi.
Izoh (0)