2014-yil 29-oktabr kuni Daewoo International kompaniyasining Bosh ijroiya rahbari Chong Byong Il boshchiligidagi direktorlar kengashi rasmiy tashrif bilan Daewoo Textile Fergana MChJga keldi. Bu haqda UzDaily.uz xabar bermoqda.
Tarkibida kompaniya prezidenti o‘rinbosari Choy Chong Vu, shuningdek, diviziya va xorijdagi filiallarni nazorat qilish bo‘yicha direktor Jong Ki Sop ham bo‘lgan delegatsiyaning O‘zbekistonga tashrifidan asosiy maqsad Daewoo Textile Fergana hamda Daewoo Textile Bukhara kompaniyalari faoliyati bilan tanishishdir. Shuningdek, mehmonlar tashrif doirasida mazkur kompaniyalarga keyinchalik sarmoya kiritish uchun yo‘nalishlarni aniqlab olishni rejalashtirgan.
Faxriy mehmonlar Daewoo Textile Fergana MChJ xodimlari hamda tuman hokimiyati vakillari tomonidan kutib olingach, Daewoo International kompaniyasining Bosh ijroiya rahbari Chong Byong Il faxriy mehmonlar kitobiga esdaliknoma yozib qoldirdi.
Shundan so‘ng, direktorlar kengashi Daewoo Textile Fergana kompaniyasi rahbariyati bilan muzokaralar olib bordi. Uchrashuv davomida kompaniya prezidenti mehmonlarni korxona faoliyati, taraqqiyot ko‘rsatkichlari va sarmoya loyihalari doirasida erishilgan natijalar bilan tanishtirdi.
Muzokaralardan so‘ng, delegatsiya Daewoo Textile Fergana prezidenti boshchiligida Farg‘onadagi ip yigiruv fabrikasiga tashrif buyurib, bu yerdagi ishlab chiqarish jarayoni va fabrika mahsulotlari bilan tanishdi. Bundan tashqari, mehmonlar Daewoo Textile Fergana MChJ muzeyiga ham tashrif buyurdi. Muzeyda Koreya delegatsiyasi a’zolariga fabrika tarixiga oid ma’lumotlar berildi.
Delegatsiya, shuningdek, Qumtepadagi to‘qimachilik fabrikasiga tashrif buyurib, sexlarda olib borilayotgan mato tayyorlash jarayonlarini kuzatdi.
Rasmiy tashrif so‘ngida Chong Byong Il barcha xodimlarga iliq qabul uchun minnatdorlik bildirib, kompaniyaga ulkan zafarlar tiladi.
Izoh (0)