Bugun, 27-oktabr kuni Fransiyaning Parij shahrida tennis bo‘yicha “Masters” seriyasiga kiruvchi yirik turnirning asosiy to‘r bahslari start oladi, deb xabar bermoqda “Olamsport”. Mukofot jamg‘armasi 3 million 452 ming 415 yevroni tashkil etuvchi musobaqaning saralash bahslarida o‘zbekistonlik tennischi Denis Istomin ham ishtirok etdi.
O‘zbekistonning birinchi raqamli tennischisi saralash bosqichida 7-raqam ostida tasniflangan bo‘lib, ilk davrada mezbonlar vakili Nikolas Mayuni 7:6(4), 6:4 hisobida mag‘lub etgandi.
Denis asosiy to‘rga chiqish uchun lyuksemburglik Jil Myullerga qarshi kortga chiqdi. Saralashning 5-raketkasiga qarshi kechgan bahsda ham hamyurtimiz xuddi birinchi davrada bo‘lganidek 7:6(5), 6:4 hisobida g‘alaba qozondi. Uchrashuv 82 daqiqa davom etdi. Bahs davomida Istomin 11 eys zarbani amalga oshirdi. Endi Denis Istomin asosiy to‘rning ilk bosqichida fransiyalik Rishar Gaskega qarshi bahs olib boradi.
Izoh (0)