21-oktabr kuni joriy yilning to‘qqiz oyida respublikani ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish yakunlarini muhokama qilishga bag‘ishlangan Vazirlar Mahkamasi majlisi bo‘lib o‘tdi. Bu haqda O‘zbekiston Milliy axborot agentligi xabar bermoqda.
Majlisda iqtisodiyotdagi o‘zaro hisob-kitoblarning holati, shuningdek, iqtisodiyotning ayrim tarmoqlarida muddati o‘tkazib yuborilgan debitorlik va kreditorlik qarzlarni qisqartirish borasida amalga oshirilayotgan chora-tadbirlarning samaradorligi batafsil tahlil qilindi.
141 ta zarar ko‘rib ishlayotgan, iqtisodiy nochor va past rentabelli korxonalarni moliyaviy sog‘lomlashtirish bo‘yicha tasdiqlangan “yo‘l xaritalari”ni amalga oshirish natijasida joriy yilning to‘qqiz oyida 119 ta korxona zarar ko‘rib ishlashdan chiqarildi.
Muddati o‘tkazib yuborilgan debitorlik va kreditorlik qarzlarni qisqartirish va byudjetga to‘lovlar intizomini mustahkamlash bo‘yicha respublika komissiyasiga Moliya vazirligi, Markaziy bank, Davlat soliq qo‘mitasi, xo‘jalik birlashmalari bilan birgalikda ayrim tarmoqlarda va yirik korxonalarda muddati o‘tkazib yuborilgan debitorlik va kreditorlik qarzlarni tubdan qisqartirishga doir kompleks chora-tadbirlarni ishlab chiqish va amalga oshirish topshirildi.
Izoh (0)