Baxtli tasodif tufayligina fojeasiz tugagan dahshatli yo‘l-transport hodisasi tasvirlangan videoyozuv internetda tobora ommalashib bormoqda, deb xabar berdi “Rossiyskaya gazeta”.
https://www.youtube.com/watch?v=6-0E2Nxtm6o
Avtomobilning videoregistratori orqali yozib olingan rolik dastlab Facebook foydalanuvchilaridan biri tomonidan chop etilgan, keyinroq YouTube xizmatiga qo‘yilgan. Bir haftadan kamroq muddat ichida videoyozuvni 8 milliondan ortiq foydalanuvchi ko‘rgan.
Shahar tashqarisidagi yo‘ldan yuk mashinalar qatori harakatlanayotgan bir paytda havorang xetchbek paydo bo‘lib, eng chapdan o‘ng qatorga o‘tishga harakat qiladi. Lekin bunday qilishga xuddi shu yo‘nalishda harakatlangan yuk mashinasi xalal beradi. Haydovchi o‘ng qatorda yana bir yuk mashinasi to‘xtab turganini ko‘rmay qoladi va bir keskin harakat bilan uning orqa bamperiga borib uriladi. Shundan keyin yengil avtomobilni orqadan kelayotgan boshqa yuk mashinasi urib yuboradi. Aynan shu mashinaning videoregistratori hodisani yozib olgan.
Youtube’da videoga berilgan izohda aytilishicha, hodisa Belgiyaning Bryugge shahri tashqarisida 12-avgust kuni bo‘lib o‘tgan. Og‘ir ahvoldagi haydovchi ayol shifoxonaga olib borilgan. Bir muddat komada yotganiga qaramay, u tirik qolgan va tez orada tuzalishni boshlagan.
Izoh (0)