Yevropa futbol uyushmalari ittifoqi (UEFA) prezidenti Mishel Platini futbolda oq kartochkalarni joriy etish tashabbusini ilgari surdi. Bu haqda “R-Sport” axborot agentligiga tayanib, Stadion.uz xabar bermoqda.
Platini, bundan tashqari, rasmiy uchrashuvlarda uchta zaxira amalga oshirish yetarli emasligini, ushbu ko‘rsatkichni beshtaga yetkazishni ham taklif qilgan. Ma’lum bo‘lishicha, UEFA rahbari bu fikrlarini 16-oktabr, payshanba kuni nashrdan chiqqan o‘zining “Keling, futbol haqida gaplashamiz” (Let’s Talk Football) nomli kitobida bayon qilgan.
Fransiyalik funksionerning fikricha, sariq va qizil kartochkalardan tashqari futbolchini ma’lum muddat, masalan, 10 daqiqaga chetlatishni nazarda tutuvchi oq kartochkani joriy etish mumkin.
Shuningdek, “Oltin to‘p”ning uch karra sohibi hisoblangan Platini futbol hakamlari yoshiga nisbatan cheklovni bekor qilish va ularni faqatgina mahorati va jismoniy tayyorgarligiga asoslanib tayinlashni tavsiya qildi.
Eslatib o‘tamiz, Platini 28-avgust kuni 2015-yil mayida bo‘ladigan FIFA prezidentligi uchun saylovlarda o‘z nomzodini qo‘ymasligini ma’lum qildi. UEFA prezidenti o‘zining ushbu qarorini futbolga yaqinroq bo‘lish istagi bilan izohladi.
Izoh (0)