Toshkent shahar Sirg‘ali tumani hokimi Furqat Maqsudxo‘jayev 17-oktabr kuni bo‘lib o‘tgan matbuot anjumanida “Sirg‘ali” mashina bozori oldida muntazam tirbandliklar yuzaga kelishi holatiga to‘xtalib o‘tdi. Bu haqda “Kun” xabar bermoqda.
Podrobno.uz’ning yozishicha, Sirg‘ali hokimi yo‘llarda tirbandliklar hosil bo‘lishi bilan bog‘liq ushbu holatni mahalliy haydovchilarda madaniyatning yetishmasligi bilan izohladi.
Maqsudxo‘jayevning so‘zlariga ko‘ra, foydalanuvchilarga qulay bo‘lishi uchun bozorning orqa tomonidan ham kirish yo‘li ochilgan bo‘lib, bu holat asosiy yo‘ldagi avtomobillar qatnovini biroz kamaytirgan.
Bundan tashqari, yana bir qo‘shimcha avtoturargoh qurilgan, biroq haydovchilar undan deyarli foydalanmaydi — “deyarli hamma o‘z avtomobilini yo‘l yoqasiga qo‘yib ketishni ma’qul ko‘radi”.
“Haydovchilarimiz oddiy haydash va avtomobilni to‘g‘ri to‘xtatib qo‘yish madaniyatini o‘rganmagunlaricha, vaziyat o‘zgarmaydi”, — deya Sirg‘ali tumani hokimi so‘zlaridan iqtibos keltirmoqda Podrobno.uz.
Internet-nashr xabarida Sirg‘ali hokimi haydovchilik madaniyatini singdirish uchun biror bir muqobil yo‘l taklif qilganmi-yo‘qmi, bu haqda ma’lumot berilmagan.
Ma’lumot uchun, haftaning har dam olish kunlari, ayniqsa, “Sirg‘ali” foydalanuvdagi avtomobil va ehtiyot qismlari bozorida savdolar eng yuqori cho‘qqiga chiqadigan yakshanba kuni bozor oldidagi Yangi Sirg‘ali yo‘lida muntazam ravishda tirbandliklar yuzaga keladi.
Izoh (0)