Venesuela Vazirlar kengashi majlisida chiqish qilgan prezident Nikolas Maduro AQSh Rossiya va Venesuelaga zarar yetkazish uchun neft narxini pasaytirayotganini aytib o‘tdi. Bu haqda “TASS” xabar berdi.
“AQSh va uning ba’zi ittifoqchilari qay maqsadda neftning narxini tushirmoqda? Yirik neft ishlab chiqaruvchilar bo‘lgan Rossiya va Venesuelaga zarar yetkaish uchun”, − dedi Maduro. Shuningdek, Venesuela prezidenti neft narxlari tez orada tiklanishiga aminligini aytib, Karakas bu masalada OPEK tashkilotining favqulodda yig‘ilishini chaqirishni talab qilganini eslatib o‘tdi.
Ma’lumot uchun, o‘tgan haftada Venesuela neftining bir barreli 82 dollarni tashkil etdi, bu avvalgi haftadan uch dollarga kam demakdir. Ekspertlar ketma-ket beshinchi hafta narx pasayganini qayd etgan. O‘rtacha yillik narx esa 95 dollarni tashkil qilgan bo‘lib, bu taxmin qilingan 60 dollarlik narxdan ancha yuqoridir. O‘tgan yilda o‘rtacha narx 99 dollarga teng bo‘lgan.
Sutkasiga 3 million barrel neft qazib chiqarib, undan 2,5 million barrelini eksport qiladigan (asosan AQSh va Xitoyga) Venesuela neft eksporti bo‘yicha jahonda beshinchi o‘rinda turadi.
Izoh (0)