Rossiyaning eng boy kishisi, 61 yoshli asli o‘zbekistonlik milliarder Alisher Usmonov “Gazprom investxolding” bosh direktori lavozimidan ketishiga xayriya ishlari bilan shug‘ullanmoqchiligi sabab bo‘lganini ma’lum qildi, deb xabar bermoqda “Vedomosti”.
“Hozirda men uchun xayriya faoliyati tobora muhim bo‘lib bormoqda. Men o‘z harakatlarimni ijtimoiy loyihalar va filantroplikka yo‘naltirmoqchiman, aynan shu bugungi hayotimning muhim bosqichi bo‘ladi”, − dedi Usmonov.
Milliarder 2005-yilda “San’at, fan va sport” xayriya jamg‘armasiga asos solgan bo‘lib, u bemor bolalarga yordam berish, muzeylar, teatrlar va sport tashkilotlarini qo‘llab-quvvatlashga ixtisoslashgan. 2013-yilda jamg‘arma xayriya ishlari uchun 92 million dollar sarflagan.
2012-yilda “Gazprom investxolding” Alisher Usmonov bilan shartnomasini 2015-yil martigacha uzaytirgan edi. Biroq 2014-yil 15-oktabr kuni milliarder shartnoma yakunini kutmasdan iste’foga chiqishga qaror qilgani xabar qilindi. 2012-yilda Forbes jurnaliga bergan intervyusida 61 yoshli Usmonov payg‘ambar yoshiga yetgach ishlamasligini ma’lum qilgan edi.
Izoh (0)