Viloyat nazorat-taftish boshqarmasi xodimlari tomonidan Xorazm viloyati Qo‘shko‘pir tuman bandlikka ko‘maklashish va aholini ijtimoiy muhofaza qilish markazida o‘tkazilgan tekshiruvlar natijasida markazning yetti nafar xodimi tumanda faoliyat ko‘rsatayotgan korxona, tashkilotlarning o‘zlariga taqdim etgan hisobotlariga qo‘shimcha raqamlar kiritib, hujjatlarni qalbakilashtirgani ma’lum bo‘ldi. Bu haqda O‘zbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligining “Postda” gazetasi xabar bermoqda.
Markaz xodimlari 280 ta yangi ish o‘rinlari yaratilgani haqida viloyatga soxta ma’lumot bergan. Jumladan, A. Mamasoli 2013-yil yanvardan dekabrga qadar qishloqda oilaviy tadbirkorlikni rivojlantirish bo‘yicha 35 ta ish o‘rnini takroran yozib, hujjatni qalbakilashtirgan. Shuningdek, u tumandagi “Sohibqiron”, “Nurmat bo‘yoqchi” xususiy korxonalari, “Habib Yashin”, “Parizoda Yahyobek”, “Shonazir-Sherzod” fermer xo‘jaliklari va Ohunboyev nomli qishloq vrachlik punktida bir nechta yangi ish o‘rni yaratildi, deb hujjatlarga yolg‘on ma’lumotlarni kiritib qo‘ygan.
Markazning boshqa bir xodimi Qotog‘on qishlog‘ida faoliyat ko‘rsatayotgan xususiy korxonalar va fermer xo‘jaligida 15-20 tadan yangi ish o‘rinlari yaratilgani haqida qalbaki ma’lumotlar kiritib, rasmiy hujjatni soxtalashtirgan. Shuningdek, markazda faoliyat yurituvchi boshqa xodimlar ham o‘z hududlarida ish o‘rinlari tashkil etilishi to‘g‘risidagi ma’lumotlarni qalbakilashtirgan.
Markazdagi rasmiy hujjatlarni ko‘zdan kechirish asnosida qonunbuzar inspektorlar o‘z zimmalariga topshirilgan vazifalarni bajarishda ham soxtakorlikka yo‘l qo‘ygani ko‘rinib qoldi.
Qo‘shko‘pirlik qonunbuzar inspektorlarning qing‘ir ishlari fosh bo‘lib, sud tomonidan ularga nisbatan odilona hukm chiqarildi.
Izoh (0)