Toshkentda 10-oktabr kuni O‘zbekiston Ekologik harakati va Yevropada Xavfsizlik va Hamkorlik tashkilotining O‘zbekistondagi loyihalarini muvofiqlashtiruvchi ofisi tomonidan tashkil etilgan “davra suhbati” bo‘lib o‘tdi. U O‘zbekistonda velotransportdan foydalanishni rivojlantirishga bag‘ishlangan, deb xabar bermoqda Uzbekistan Today axborot agentligi.
Parlament deputatlari, vazirlik va idoralarning vakillari, nodavlat va notijorat tashkilotlar mutaxassislari, ekologiya va tibbiyot sohasida faoliyat yurituvchilar o‘zlarining nutqlarida velosipedning ekologik xavfsiz transport vositasi sifatidagi ahamiyati tobora ortib borayotganligini ta’kidladi. Uning iqtisodiy nuqtai nazardan afzalligi unchalik qimmat bo‘lmagan, yoqilg‘i quyishni talab etmaydigan va ixcham transport vositasi ekanligida yaqqol namoyon bo‘ladi. Bularning barchasidan farqli o‘laroq, velosipedda harakatlanish sog‘liqni mustahkamlashga yordam beradi.
Joriy yilning 14-sentabrida O‘zbekiston Ekologik harakati va Yevropada Xavfsizlik va Hamkorlik tashkilotining Toshkentdagi loyihalarini muvofiqlashtiruvchi ofis tomonidan 200 kishi ishtirokida velomarafon o‘tkazilgan edi. Mazkur ekologik aksiya velotransportni ommalashtirish maqsadida ikki yildan buyon o‘tkazib kelinmoqda.
“Davra suhbati”da velotransport infratuzilmasini rivojlantirish, xususan, yo‘l harakati xavfsizligini ta’minlash, velosipedlarni ijaraga berish, shaharda velosiped yo‘laklarini tashkil etish va ularni shahar infratuzilmasini loyihalashtirayotganda hisobga olish vazifalari muhokama qilindi.
Tadbir ishtirokchilari tomonidan berilgan takliflar asosida O‘zbekistonda velotransportni ommalashtirish bo‘yicha aniq tavsiyalar ishlab chiqildi.
Izoh (0)