Armaniston Yevroosiyo iqtisodiy ittifoqiga a’zo bo‘ldi. A’zolik shartnomasi Minskda bo‘lib o‘tgan Yevroosiyo Oliy iqtisodiy kengashining yig‘ilishida imzolandi. Bu haqda “ArmInfo” xabar bermoqda.
“Bugungi kunda Armaniston Rossiya, Belorussiya va Qozog‘iston davlatlari bilan teng sharoit asosida ishlashga tayyor. Umid qilamizki, shu dastlabki 1—2 yil ichida biz ijobiy makroiqtisodiy o‘sishni guvohi bo‘lamiz. Bojxona va ma’muriy to‘siqlarning olib tashlanishi bilan bu tendensiya mustahkamlanadi. Bizning fikrimizcha, aholining sof daromadi, YaIM va aholining bandlik bilan ta’minlanishi o‘sadi”, — deb qayd etdi Rossiya prezidenti Vladimir Putin.
Bundan tashqari, 10-oktabr kuni Putin Belorussiya, Qozog‘iston, Qirg‘iziston va Tojikiston davlat rahbarlari bilan Yevroosiyo iqtisodiy hamjamiyatini tugatish to‘g‘risidagi shartnomani imzoladi. Ushbu qadam Yevroosiyo iqtisodiy ittifoqining ishga tushirilishi bilan bog‘liq, deb ma’lum qildi “TASS”.
Rossiya prezidenti 2015-yilning 1-yanvaridan ishga tushirilishi lozim bo‘lgan Yevroosiyo iqtisodiy ittifoqini tashkil etish to‘g‘risidagi shartnomani ratifikatsiya qilish haqidagi qonunni 3-oktabr kuni imzoladi.
Ushbu hujjat tovar, xizmat, kapital va ishchi kuchining erkin harakat qilishini ta’minlashni ko‘zda tutadi. Shuningdek, u Rossiya, Belorussiya va Qozog‘iston o‘rtasida kelishilgan iqtisodiy siyosatni yuritish va yagona boj tarifiga o‘tishni belgilab beradi.
Izoh (0)