Xalqaro valyuta fondining seshanba kuni e’lon qilingan jahon iqtisodiyoti rivojlanishi to‘g‘risidagi ma’ruzasida yorqin bir hodisa o‘z aksini topdi: rivojlanayotgan yirik yetti davlat xarid qobiliyati pariteti bo‘yicha hisoblanadigan yalpi ichki mahsulot (YaIM) hajmiga ko‘ra rivojlangan “Katta yettilik”ni ortda qoldirdi. Bu haqda Financial Times’ga tayanib, “RIA Novosti” xabar bermoqda.
Gipotetik yangi G7 BRIK davlatlarining barchasi — Braziliya, Rossiya, Hindiston va Xitoy, shuningdek, MINT guruhidagi Nigeriyadan tashqari qolgan mamlakatlar — Meksika, Indoneziya va Turkiyani o‘z ichiga oladi. “Avvalgi” G7 (Kanada, Fransiya, Germaniya, Italiya, Yaponiya, Buyuk Britaniya va AQSh)ning xarid qobiliyati pariteti bo‘yicha umumiy YaIM 34,5 trillion dollarga teng bo‘lgan bir vaqtda, yangi yettilikning birgalikdagi YaIM 37,8 trillion dollarni tashkil etdi.Xarid qobiliyati pariteti bo‘yicha YaIM ko‘rsatkichiga ko‘ra, Xitoy aprel oyidayoq AQShdan o‘zib ketgandi. AQShda bu ko‘rsatkich 17,4 trillion dollarga teng bo‘lganda, XXRda YaIM 17,6 trillion dollarga yetgan edi.
Xarid qobiliyati bo‘yicha hisoblash aniq fan metodikasidan ancha farq qiladi. Biroq shu holatda ham yangi baholar jahondagi keskin o‘zgarishlarni namoyon qilmoqda: iqtisodiyoti yirik 20 davlatdan 10 tasi rivojlanayotgan mamlakatlarga to‘g‘ri keladi. Indoneziya iqtisodiy rivojlangan davlatlar o‘ntaligining 9-pog‘onasidan o‘rin olib, Buyuk Britaniyadan o‘tib ketdi. Nigeriya esa mazkur ro‘yxatda 30-o‘rindan 20-o‘ringa ko‘tarildi, deb qayd etdi Financial Times.
Izoh (0)