“Ijtimoiy fikr” jamoatchilik fikrini o‘rganish markazi “Jamiyat va oila: ma’naviy va axloqiy olam” mavzusida ijtimoiy so‘rov o‘tkazdi. Bu haqda O‘zbekiston Milliy axborot agentligiga tayanib, “Kun” xabar bermoqda.
So‘rov natijalariga ko‘ra, O‘zbekiston fuqarolari mamlakat Oila kodeksining asosiy qoidalarini biladi, jumladan, nikoh shartnomasiga oid ma’lumotlardan yaxshi xabardordir.
O‘zbekiston fuqarolarining aksariyati nikohni FHDYoda qayd etish shart, deb hisoblaydi. Bu tuzilayotgan oilaning huquqiy asosi bo‘lib, er-xotinning huquq va majburiyatlarini mustahkamlaydi. Ushbu fikrni aynan qancha aholi qo‘llab-quvvatlagani, yana qancha aholi bu fikrga qo‘shilmagan O‘zA axborotida foiz ko‘rsatkichlarida ko‘rsatilmagan.
Ijtimoiy so‘rov yoshi kattalar va ota-onalarni hurmat qilish O‘zbekiston jamiyatida mustahkam qaror topgan an’anaviy qadriyat ekanini yana bir bor tasdiqladi. “Ijtimoiy fikr”ning qayd etishicha, yoshlar oila qurishda ota-ona duosini olish zarurligiga qat’iy ishonadi.
“So‘rov ishtirokchilari o‘zbek oilasi — bu ahil va mehnatsevar oila bo‘lib, mehmondo‘stlik, bolalarga mehribonlik, g‘amxo‘rlik ko‘rsatish unga xos fazilat ekani va bu borada yoshi katta avlod vakillari muhim o‘rin tutishini ta’kidladi. Ularning fikricha, zamonaviy oiladagi o‘zaro munosabatlar mehr-muhabbat, bir-birini tushunish va o‘zaro hurmat asosida quriladi”, — deb yozadi O‘zA.
Ma’lumot uchun, tadqiqotning asosiy maqsadi oila va nikoh masalasida jamoatchilik fikrida mustahkam shakllangan muhim tendensiyalarni, O‘zbekiston fuqarolarining ijtimoiy maqsad va yo‘nalishlari tizimini aniqlashdan iborat bo‘ldi.
Eslatib o‘tamiz, so‘rov ishtirokchilari yigitlar 25-26 va qizlar 21-23 yoshda turmush qurishi kerak deb hisoblaydi.
Izoh (0)