Mirjalol Qosimov bosh murabbiyligidagi O‘zbekiston milliy terma jamoasi Qatarga qarshi o‘rtoqlik o‘yinida ishtirok etish uchun Doha shahriga uchib ketdi. Bu haqda Stadion.uz xabar bermoqda.
6-oktabr kuni Dohada Mirjalol Qosimov shogirdlari mezbon — Qatar milliy terma jamoasiga qarshi maydonga tushadi. Mazkur o‘yinda ishtirok etish uchun milliy terma Dohaga jami 19 nafar futbolchi bilan yo‘l oldi.
Ta’kidlash joiz, Qatarga qarshi o‘yinda terma jamoa bosh murabbiyi xorijda to‘p surayotgan legionerlarning xizmatidan foydalana olmaydi. Negaki, 4-5-oktabr kunlari xorij chempionatlarida to‘p surayotgan o‘zbekistonlik futbolchilar o‘z jamoalari safida maydonga tushishi mumkin.
Qatar terma jamoasiga qarshi uchrashuv yakuniga yetgach, O‘zbekiston milliy terma jamoasi navbatdagi o‘rtoqlik o‘yinlarida maydonga tushish uchun BAAning Dubay shahriga yo‘l oladi. Dubayda O‘zbekiston futbolchilari 10-oktabr kuni Bahrayn, 14-oktabrda esa BAA milliy terma jamoalariga qarshi o‘rtoqlik uchrashuvlarini o‘tkazadi. Mazkur bahslarda ishtirok etish uchun xorij chempionatlarida to‘p surayotgan legionerlar terma jamoa safiga kelib qo‘shilishi kutilmoqda.
O‘zbekiston milliy terma jamoasining Doha shahriga yo‘l olgan tarkibi:
Darvozabonlar: Ignatiy Nesterov (“Lokomotiv”), Eldor Suyunov (“Nasaf”), Akbar To‘rayev (“Bunyodkor”).
Himoyachilar: Shavkat Mullajonov, Islom To‘xtaxo‘jayev, Bobur Yo‘ldoshev, Salim Mustofayev (barchasi “Lokomotiv”), Akmal Shorahmedov (“Bunyodkor”), Yegor Krimets (“Paxtakor”), Shuhrat Muhammadiyev (“Nasaf”).
Yarim himoyachilar: Fozil Musayev (“Lokomotiv”), Vladimir Kozak, Jamshid Iskanderov (ikkalasi “Paxtakor”), Farrux Sayfiyev (“Nasaf”), Sardor Rashidov, Javlon Ibrohimov (ikkalasi “Bunyodkor”).
Hujumchilar: Voxid Shodiyev ("Bunyodkor"), Navruz Olimov ("Qizilqum"), Igor Sergeyev ("Paxtakor").
Izoh (0)