1-oktabr kuni bo‘lib o‘tgan Rossiya Federatsiyasi Xavfsizlik kengashi yig‘ilishidan so‘ng mamlakatdagi eng yirik internet-kompaniyalar — “Yandeks” va Mail.ru’ning qimmatli qog‘ozlari keskin ravishda arzonlashib ketdi. Bu haqda Korrespondent.net xabar bermoqda.
Rossiya rahbari Vladimir Putin yig‘ilish natijalarini ma’lum qilar ekan, internetdan foydalanish cheklab qo‘yilmasligi va uning to‘liq nazoratga olinmasligini ta’kidladi. Shunga qaramay, Putin Rossiya tashqaridan global internetdan uzib qo‘yilishi mumkinligini inobatga olgan holda, mamlakat internetining barqarorligi va xavfsizligi ta’minlanishi kerakligini qayd etdi.
Tarmoq elementlaridan nusxa ko‘chirish xavfsizlikni ta’minlash choralaridan biri bo‘lib, u internetning Rossiyadagi segmenti himoyalanganlik darajasini oshiradi.
Shu tariqa, “Yandeks” NASDAQ Amerika birjasidagi narxi 4,84 foizga tushgan bo‘lsa, uning Moskva banklararo valyuta birjasi (MMVB)dagi qog‘ozlari 3,5 foizga tushib ketdi. Mazkur qimmatli qog‘ozlar qiymati bugungi savdo jarayonlarida yanada pasaymoqda.
Mail.ru aksiyalari esa Londonda kechagi savdo faoliyati natijasida 3,9 foiz qiymatini boy berdi.
“So‘nggi vaqtlarda paydo bo‘lgan Rossiya interneti ‘ozodligini cheklash’ haqidagi gaplar soha sarmoyadorlariga salbiy ta’sir ko‘rsatmoqda. Rossiya OAVlari kapitalidagi xorijiy sarmoyadorlar ishtirokining cheklanishi borasidagi yangiliklar ham salbiy vaziyat yuzaga keltirmoqda”, — dedi UFS IC sarmoya kompaniyasi tahlilchisi Anna Milostonova.
Uning so‘zlariga ko‘ra, bularning barchasi psixologik omillar bo‘lib, ular internet-kompaniyalar faliyatiga o‘z ta’sirini o‘tkazmasligi kerak.
“Ayni damda eng kuchli va muhim omillardan biri shuki, mamlakatda iqtisodiy faollik sekinlashmoqda va bu reklama byudjeti qisqarishida namoyon bo‘lmoqda. Oqibatda, reklamadan keluvchi daromadlar kamayadi”, — dedi Milostonova.
Izoh (0)