AQSh 2014-yil yakuniga borib, Saudiya Arabistonini kunlik neft qazib olish hajmi bo‘yicha ortda qoldiradi. Bu haqda Xalqaro energetika agentligi tahlilchilari xulosalarini keltirgan Londonning The Financial Times gazetasiga tayanib, “ITAR-TASS” xabar bermoqda.
Nashrning ta’kidlashicha, AQSh eng ko‘p neft ishlab chiqaruvchi mamlakatga aylanmoqda. Iyun va avgust oylarida AQSh hamda Saudiya Arabistonining har biri 11,5 million barrel neft va unga hamrohlik qiluvchi suyuq gazlar qazib olib, bir xil natija ko‘rsatgan. AQShda neft qazib olishning o‘sib borishi joriy yoki kelgusi oyda AQSh Saudiya Arabistonini neft ishlab chiqarish bo‘yicha ortda qoldiradi, degan taxmin uchun asos bo‘lmoqda. Bu holat 1991-yildan beri kuzatilmagan edi, deyiladi axborotda.
AQSh sentabr oyida sutkasiga 2005-yilga nisbatan besh million barrelga ko‘p — 8,87 million barrel neft qazib oldi. Gazetada qayd etilishicha, joriy yilning so‘ngiga kelib, neft qazib olishning sutkalik miqdori to‘qqiz million barrelga yetadi.
AQShda mazkur sohaning kengayishi butun dunyo bo‘yicha o‘z oqibatlarini namoyon qiladi. Jumladan, AQSh 2005-yilda neftni import qilish evaziga o‘z iqtisodiyotining 60 foiz ehtiyojlarini qondirgan bo‘lsa, 2015-yilda mazkur ko‘rsatkich bor-yo‘g‘i 21 foizni tashkil etadi.
Izoh (0)