Afg‘onistondagi NATO kuchlari kontingenti kelajakda maslahatchi va instruktor vazifalarini bajaruvchi 1,2—1,4 ming harbiy bilan cheklanadi. Bu haqda nemis generali Xan-Lotar Dormezening Die Welt gazetasiga bergan intervyusiga tayanib, “ITAR-TASS” xabar bermoqda.
Generalning so‘zlariga ko‘ra, “harbiylarning aksariyati logistika, ayniqsa, tibbiy ta’minot va o‘zinikilarni himoya qilish to‘g‘risida qayg‘uradi”. “Ya’ni Resolute Support nomli tayyorgarlik (Afg‘oniston uchun milliy kadrlar tayyorlash) missiyasining 1,2 ming harbiylari orasida zaruriyat tug‘ilganda xalqaro hamjamiyat harbiylarini himoya qiladigan jangovar qismlar ham bo‘ladi”, — dedi Dormeze.
Uning ma’lum qilishicha, “2014-yilgi Rojdestvo (dekabr so‘ngi)dan boshlab hududda qolishi mo‘ljallangan 1,2 ming harbiy butun mamlakat bo‘ylab joylashtiriladi”. Mazkur missiyada 800 ga yaqin Germaniya harbiylari ishtirok etishi kutilmoqda. Ulardan 200 nafari, shuningdek, Resolute Support missiyasining bosh qarorgohi Qobuldan o‘rin oladi.
Bundan tashqari, 600 nafar germaniyalik soldat boshqa mamlakatlarning 400 harbiy xizmatchisi bilan Mozori Sharif (Afg‘oniston shimoli) shahridagi mintaqaviy bosh qarorgohga joylashtiriladi.
Eslatib o‘tamiz, Afg‘onistonda xavfsizlikni ta’minlash bo‘yicha xalqaro kuchlar mandati joriy yil so‘ngida tugaydi. Bugun Afg‘oniston hukumatining AQSh va NATO bilan xavfsizlik masalalari bo‘yicha bitim imzolashi rejalashtirilgan.
Izoh (0)