Ayni paytda Samarqand shahrida 90 ga yaqin mehmonxona faoliyat ko‘rsatmoqda. O‘tgan yili Samarqand shahriga 130 ming nafar sayyoh tashrif buyurgan. Turizm 11 yo‘nalishdan iborat bo‘lsa-da, Samarqandga sayyohlar faqat tarixiy obidalarni tomosha qilish uchun keladi, deb xabar bermoqda “Zarafshon” gazetasi.
Shaharda ishbilarmonlik, ekologik va turizmning boshqa xizmatlarini rivojlantirishga yetarlicha e’tibor qaratilmayapti. Taxminiy hisoblarga ko‘ra, agar turizmning boshqa turlari tashkil etilsa, Samarqandga bir yilda 530 mingdan ziyod sayyoh tashrif buyurishi mumkin. Shuningdek, chet ellik turistlar Samarqandda kamida bir kun, ko‘pi bilan uch kun mehmon bo‘ladi. Agar har bir sayyohning mehmon bo‘lishi yana bir kunga uzaytirilsa, turizmdan yillik daromad 17 milliard so‘mga oshishi mumkin.
Chet el turizmini rivojlantirishda hozirgi paytda shaharda mehmonxonalarning turi ham kamlik qiladi. Masalan, otel-lyuks, o‘rta klass bo‘g‘indagi mehmonxonalar, pansionatlar bor, lekin otel-kurortlar, motellar, rotellar, botellar, flotellar, flaytellar deyarli yo‘q.
Samarqandda ichki turizm rivojlanmoqda. Bir yilda 400 ming ichki sayyohga xizmat ko‘rsatilmoqda. Lekin ularning harakat yo‘nalishi, xizmat ko‘rsatish darajasi, mehmonxonalarda dam olishlariga turistik firmalar tomonidan yetarlicha e’tibor qaratilmayapti. Shuningdek, har tomonlama malakali gid-tarjimonlar yetishmaydi. Bu kabi masalalar ijobiy hal etilsa, Samarqandda turizm eng istiqbolli, serdaromad sohaga aylanadi, deb qayd etdi “Zarafshon” gazetasi.
Izoh (0)