AQSh davlat kotibi Jon Kerri Shimoliy Koreyadagi inson huquqlari buzilishini qoraladi va Pxenyanni “vahshiylik va g‘ayriinsoniylik” hukm surayotgan jazo koloniyalarini yopishga chaqirdi. Bu haqda u Yaponiya, Janubiy Koreya va Avstraliya tashqi ishlar vazirlari bilan BMT Bosh Assambleyasi kuluarlarida bo‘lib o‘tgan uchrashuvda ma‘lum qilgan, deya xabar bermoqda Agence France-Presse.
Davlat kotibining so‘zlariga ko‘ra, lagerlar yopilishi, “ushbu yovuzlik tizimining faoliyati tugatilishi” kerak. “Agar biz, erkin odamlar, noma’lumlikda aziyat chekayotgan shu erkak va ayollar uchun kurasha olmasak, boshqa nima uchun kurashamiz? So‘zlash huquqidan mahrum qilinganlarga gapirish imkonini berolmasak, o‘zimiz nima uchun gapirib turibmiz”, – deb ta’kidladi Kerri.
Birlashgan Millatlar Tashkilotining Koreya Xalq Demokratik Respublikasidagi inson huquqlari bilan bog‘liq vaziyat to‘g‘risidagi so‘nggi ma’lumotnomasida mamlakat rasmiylari mahbuslarga nisbatan jinoyatlari uchun Xalqaro jinoyat sudi oldida javob berishlari kerakligi aytilgan. O‘z navbatida, KXDR hukumati har doim ham BMT ma’lumotlari haqiqatga to‘g‘ri kelmasligi va mamlakatdan qochgan xoinlar so‘zlariga asoslanishini ta’kidlab keladi.
Izoh (0)