Dzyudo bo‘yicha 100 kilogrammgacha bo‘lgan vazn toifasida Osiyo o‘yinlarida ishtirok etayotgan Ramziddin Sayidov O‘zbekiston delegatsiyasi hisobiga uchinchi bronzani taqdim etdi. Bu haqda Stadion.uz xabar bermoqda.
Dzyudochining natijasi yanada yaxshiroq bo‘lishi mumkin edi. Ramziddin Sayidov nimchorak finalda xitoylik, chorak finalda qirg‘izistonlik sportchilarni “ippon” bilan mag‘lub etdi.
Yarim finalda esa u mo‘g‘ulistonlik sportchi bilan kurashdi. Bahsning asosiy besh daqiqasi davomida har ikkala sportchi bittadan “vazari” bahosini qo‘lga kiritdi. Qo‘shimcha bir daqiqalikda esa mo‘g‘ul dzyudochisi yana bir “vazari”ga tortadigan uslub qo‘lladi va g‘alaba qozondi.
Bronza medal uchun bellashuvni Ramziddin bir yarim daqiqada yakunladi. Pokistonlik Shoh Hussayn sof tarzda mag‘lub etildi.
Izoh (0)