Toshkent shahar bojxona boshqarmasi xodimlari tomonidan tilla va zargarlik buyumlarining O‘zbekiston sarhadlari orqali noqonuniy olib o‘tilishini oldini olish borasida doimiy chora tadbirlar amalga oshirilmoqda. Bu haqda Toshkent shahar Bojxona boshqarmasi axborot xizmati xabar bermoqda.
2004-yil 5-oktabr kuni Buxarest shahrida imzolangan Xalqaro pochta jo‘natmalari bo‘yicha Konvensiyaga hamda O‘zbekiston Respublikasi Adliya vazirligida 2011-yil 18-aprelda 2219-son bilan ro‘yxatga olingan “Pochta aloqasi xizmatlarini ko‘rsatish” Qoidalariga asosan, qimmatbaho metallardan yasalgan zargarlik buyumlarini pochta jo‘natmalari orqali jo‘natish taqiqlanadi.
Xalqaro pochta ittifoqi a’zosi sifatida O‘zbekiston Respublikasida zikr etilgan Konvensiyaga muvofiq, jo‘natilayotgan pochta jo‘natmalari bo‘yicha CN 22 yoki CN 23 shaklidagi bojxona deklaratsiyalarida yuborilayotgan barcha tovarlarning nomlari qayd qilinishi belgilab qo‘yilgan.
Ammo shunga qaramasdan, mazkur tartiblarga rioya qilmay qimmatbaho zargarlik buyumlarini noqonuniy yo‘llar bilan olib o‘tishga urinayotgan shaxslar ham yo‘q emas.
Yaqinda Toshkent shahar bojxona boshqarmasining “Boshpochtamt” bojxona posti xodimlari tomonidan bir qancha shu turdagi qonunbuzarlik holatlarining oldi olindi.
Jumladan, samarqandlik U.G. nomiga Turkiya davlatidan kelgan pochta jo‘natmasi amaldagi tartiblarga muvofiq ko‘zdan kechirilganda, ushbu jo‘natmadagi buyumlar orasida deklaratsiyada ko‘rsatilmagan og‘irligi salkam 36 gramm turli xil tilla taqinchoqlar borligi aniqlandi. Mazkur taqinchoqlarning umumiy qiymati salkam 5,4 million so‘mni tashkil etdi.
Shunga o‘xshash holatda AQSh davlatidan fuqarolar I.S. hamda M.N. nomiga kelgan pochta jo‘natmalari bojxona ko‘rigidan o‘tkazilganda, buyumlar orasida umumiy narxi salkam 16 million so‘mni tashkil etgan, og‘irligi 105 grammdan ortiq turli xil zargarlik buyumlari borligi ma’lum bo‘ldi.
Yana bir holatda buxorolik K.Sh. nomiga BAA davlatidan yuborilgan pochta jo‘natmasidagi buyumlar orasida tegishli hujjatlarda qayd etilmagan qiymati 6,5 million so‘mdan ortiq, og‘irligi salkam 44 gramm bo‘lgan zargarlik buyumlari borligi ma’lum bo‘ldi.
Hozirda mazkur holatlar yuzasidan bojxona tekshiruvlari va surishtiruv harakatlari davom ettirilmoqda.
Eslatib o‘tamiz, O‘zbekiston Respublikasi Adliya Vazirligi tomonidan 1998-yil 13-martda 412-raqam bilan ro‘yxatga olingan “O‘zbekiston Respublikasi hududiga jismoniy shaxslar tomonidan tovarlarni aksiz solig‘i solinmasdan olib kirishning cheklangan normalari”ga ko‘ra, jismoniy shaxslar o‘zlari bilan og‘irligi 30 grammdan oshmagan besh donagacha qimmatbaho metallar va toshlardan tayyorlangan zargarlik buyumlarini bojxona deklaratsiyasida qayd etgan holda bemalol olib kirishlari mumkin.
Izoh (0)