Janubiy Koreyaning Inchxon shahrida Mirjalol Qosimov boshchiligidagi O‘zbekiston (U-23) terma jamoasi Gonkong termasiga qarshi maydonga tushib, 1:1 hisobida durang qayd etdi, deb xabar bermoqda Uff.uz.
O‘yin to‘laligicha O‘zbekiston terma jamoasi ustunligi ostida o‘tdi. Dastlabki daqiqalardan oldinga tashlangan o‘zbekistonlik futbolchilar bir qator qulay vaziyatlarga ega bo‘ldi, biroq gol kirita olmadi. Gonkong terma jamoasi a’zolari hujumda juda katta kuch bilan harakat qildi.
Jarima maydonchasi atrofiga qurilgan “avtobus”ni yorib o‘tishda O‘zbekiston vakillari katta qiyinchilikka duch keldi. Birinchi bo‘limning o‘zida Igor Sergeyev, Vladimir Kozak, Navro‘z Alimov, Fozil Musayev, Jamshid Iskanderovlarda gol kiritish uchun bir qator qulay vaziyatlar bo‘ldi. Ammo ko‘p hollarda ular yakuniy zarbani yo‘llashda xatoga yo‘l qo‘ydi. Ba’zi vaziyatlarda esa o‘zbekistonlik futbolchilardan omad yuz o‘girgani yaqqol ko‘zga tashlandi.
Ikkinchi bo‘limda Mirjalol Qosimov tarkibda bir qator o‘zgarishlarni amalga oshirdi. Bu o‘zgarishlar o‘yinni yanada kuchaytirishga xizmat qildi. Jumladan, maydonga tushgan Vohid Shodiyev hujumda ancha faol harakat qildi. Ammo u ham qulay vaziyatlardan unumli foydalana olmadi.
74-daqiqaga kelib, nihoyat, o‘yinda hisob ochildi. Jamshid Iskanderovning ajoyib uzatmasini O‘zbekiston terma jamoasi hujumchisi Igor Sergeyev darvozaga yo‘llashda adashmadi. Ushbu goldan keyin o‘zbekistonlik futbolchilar ancha xotirjam tortdi. Sababi sanoqsiz hujumlar naf bermayotgani o‘yinchilarga qo‘shimcha bosim yuklayotgandi. Kiritilgan gol ana shu bosimni ulardan olib tashlagandek bo‘ldi.
Ammo o‘zbekistonlik himoyachilarning xotirjamlikka berilganidan foydalangan raqib a’zosi Chang Su 79-daqiqada hisobni tenglashtirishga muvaffaq bo‘ldi. Goldan keyin O‘zbekiston vakillari hisobni o‘z tomoniga og‘dirish uchun harakat qildi. Ammo bundan hech qanday naf chiqmadi.
Shu tariqa guruhdagi birinchi o‘yinda Mirjalol Qosimov boshchiligidagi terma jamoa Gonkongga qarshi o‘yinda durang qayd etib, bir ochko ishlab oldi. Eslatib o‘tamiz, guruhdagi yana bir o‘yinda Bangladesh terma jamoasi Afg‘oniston ustidan 1:0 hisobida g‘alaba qozongan.
Osiyo o‘yinlari — 2014. “B” guruhi, 1-tur
O‘zbekiston — Gonkong: 1:1
Gollar: I. Sergeyev, 74 — Chan Su, 79.
O‘zbekiston: Eldorbek Suyunov — Azamat Isroilov (S. Mustafoyev, 63), Islom To‘xtaxo‘jayev, Bobur Yo‘ldoshev, Davron Hoshimov — Sardor Rashidov, Fozil Musayev (D. Jo‘rayev, 85), Vladimir Kozak, Jamshid Iskandarov — Igor Sergeyev, Navro‘zbek Olimov (V. Shodiyev, 55).
Gonkong: Yapp, Leung, Kvun Leung, Tan, Chun Yi, Vong, Chan Su, Fonk, Annan, Tam, Lo.
Izoh (0)