Ukrainadagi “Batkivshchina” partiyasi yetakchisi Yuliya Timoshenko G‘arb davlatlarining Rossiya Federatsiyasiga qarshi ayni damda amal qilayotgan uzoq muddatli sanksiyalarini samarasiz deb hisoblab, qisqa muddatli, biroq ko‘proq “og‘riqli” choralar joriy qilish taklifini ilgari surmoqda. Bu haqda “Segodnya” xabar berdi.
“Uzoq muddatli sanksiyalar Yevropa kompaniyalarini zaiflashtiradi, ammo Putinga ta’sir qilmaydi. Agressorni muzokara olib borish uchun hech bo‘lmaganda bir lahzaga to‘xtatib qola oladigan qisqa muddatli, biroq haqiqatan ham kuchli sanksiyalar kiritish kerak”, — dedi Timoshenko.
Bundan tashqari, “Batkivshchina” partiyasi yetakchisi G‘arbni Ukrainani qurollantirib, NATOga qabul qilishga chorladi. “NATOga yo‘lni bugunoq boshlab, uni iloji boricha qisqa qilish lozim”, — deb ta’kidladi Timoshenko.
Uning so‘zlariga ko‘ra, urush boshlanishidan avval Ukrainaning NATOga qo‘shilishi borasidagi g‘oyani mamlakatning 13—15 foiz aholisi qo‘llab-quvvatlagan bo‘lsa, bugun mazkur ko‘rsatkich 70 foizdan oshgan.
Eslatib o‘tamiz, 11-sentabr, payshanba kuni Yevropa Ittifoqining 28 davlati 12-sentabrdan Rossiyaga qarshi qo‘shimcha sanksiyalar joriy qilish haqida qaror qabul qilgan edi. Shu tariqa, Yevroittifoqning RFga qarshi yangi sanksiyalari 12-sentabr kuni kuchga kirdi.
Izoh (0)