2014-yil 11-sentabr kuni O‘zbekiston Respublikasi Markaziy saylov komissiyasining yig‘ilishi bo‘lib o‘tdi. Bu haqda O‘zbekiston Milliy axborot agentligi xabar bermoqda.
Markaziy saylov komissiyasi yig‘ilishida O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasiga, xalq deputatlari viloyat, tuman va shahar Kengashlariga saylov bo‘yicha saylov kampaniyasi shu yil 15-sentabrdan boshlanishini e’lon qilish haqida qaror qabul qilindi.
Saylov kampaniyasi boshlanishi e’lon qilinishi munosabati bilan O‘zbekiston va xorijiy jurnalistlar uchun brifing o‘tkazilib, unda Markaziy saylov komissiyasi raisi Mirzoulug‘bek Abdusalomov “O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasiga, xalq deputatlari viloyat, tuman va shahar Kengashlariga saylov bo‘yicha saylov kampaniyasi boshlanishini e’lon qilish to‘g‘risida” qabul qilingan qaror haqida ma’lumot berdi va ushbu qarorda ko‘zda tutilgan asosiy tadbirlar xususida batafsil so‘z yuritdi.
O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasiga saylovga tayyorgarlik ko‘rish va uni o‘tkazish bo‘yicha tadbirlar rejasi ham e’lon qilindi.
Brifing ishtirokchilari saylov qonunchiligiga kiritilgan so‘nggi yangiliklar, bo‘lajak saylovlarni o‘tkazish bo‘yicha tayyorgarlik davrida amalga oshirilayotgan ishlar bilan tanishtirildi.
Unda, shuningdek, bugungi kunda O‘zbekistonda erkin, adolatli va demokratik saylovlarni ochiqlik, oshkoralik va transparentlik ruhida o‘tkazish uchun barcha zarur huquqiy asoslar mavjudligi qayd etildi.
O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasining 117-moddasi ikkinchi qismi va “Davlat hokimiyati vakillik organlariga va O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining navbatdagi saylovi to‘g‘risida”gi O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyaviy qonunining 1-moddasiga muvofiq, O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasiga, viloyat, tuman va shahar davlat hokimiyati vakillik organlariga saylov 2014-yilning dekabr oyi uchinchi o‘n kunligining birinchi yakshanbasi — 21-dekabrda o‘tkaziladi.
Izoh (0)