Joriy yilning 29—31-avgust kunlari Qozog‘iston poytaxti Ostona shahrida Olimpiada o‘yinlari dasturidan o‘rin egallagan taekvondoning WTF yo‘nalishi bo‘yicha Gran-Pri turkumiga kiruvchi yirik xalqaro musobaqa o‘tkazildi. Bu haqda O‘zbekiston Milliy Olimpiya qo‘mitasi xabar bermoqda.
Dunyoning yetakchi taekvondo ustalari ishtirokida bo‘lib o‘tgan mazkur nufuzli musobaqada O‘zbekiston sharafini besh nafar sportchi — Umida Abdullayeva (+63 kg), Nikita Rafalovich (-74 kg), Maksim Rafalovich (-78 kg), Jasur Boyqo‘ziyev (-80 kg) va Dmitriy Shokin (-80 kg) himoya qildi.
Qizg‘in kechgan musobaqalar yakunlariga ko‘ra, o‘zbekistonlik sportchilardan Jasur Boyqo‘ziyev o‘z vaznida bronza medal bilan taqdirlandi. E’tiborlisi, Jasur 3-o‘rin uchun kechgan bahsda jamoadosh do‘sti Dmitriy Shokin bilan kurash olib bordi.
Mazkur Gran-Pri turnirida 2016-yil Rio-de-Janeyro shahri (Braziliya)da o‘tkaziladigan XXXI yozgi Olimpiada o‘yinlarining yo‘llanmalari uchun reyting ochkolar o‘ynaldi. Ma’lumki, 2015-yilning avgust oyiga qadar bo‘lib o‘tadigan reyting musobaqalarida har bir vazn toifasida kuchli oltilikdan o‘rin egallagan sportchilarga Olimpiada o‘yinlarining litsenziyalari beriladi.
Ostona shahrida o‘tkazilgan Gran-Pri musobaqasida bronza medalga sazovor bo‘lgan Jasur Boyqo‘ziyev o‘z vazn toifasida dunyo reytingida 7-o‘rindan 5-o‘ringa ko‘tarilib oldi.
Agarda Jasur navbatdagi musobaqalarda ham munosib ishtirok etib, kuchli oltilikdagi o‘rnini reyting musobaqalarining oxiriga qadar saqlab qolsa, XXXI yozgi Olimpiada o‘yinlarining qatnashchisiga aylanadi.
Izoh (0)