Qozog‘iston prezidenti Nursulton Nazarboyev seshanba kuni mamlakat parlamentining navbatdagi sessiyasi ochilishiga bag‘ishlangan yig‘ilishida G‘arb davlatlari va Rossiya tomonidan bir-biriga kiritilayotgan iqtisodiy sanksiyalar Qozog‘istonga ham ta’sir o‘tkazishini ta’kidladi. Bu haqda “ITAR-TASS” xabar bermoqda.
“Parlamentning yangi sessiyasi oson bo‘lmagan sharoitlarda boshlanmoqda. Ayni damda jahon iqtisodiyotidagi bashorat qilib bo‘lmas jarayonlar davom etmoqda. Geosiyosiy xavf, xususan, Ukraina voqealari tufayli yomonlashgan xalqaro munosabatlar bilan bog‘liq xatar chuqurlashib bormoqda”, — dedi Qozog‘iston rahbari.
Nazarboyevning aytishicha, butun dunyo yalpi ichki mahsulotining jami 60 foizini yetkazib beruvchi davlatlar bir-biriga qarshi kiritgan sanksiyalar xalqaro iqtisodiy munosabatlar va jahon tartibotida o‘zgarishlar yuz berishiga va Qozog‘iston hamkorlarining iqtisodiy o‘sish darajasi pasayishiga olib keladi, bu esa, o‘z navbatida, Qozog‘istonga ham ta’sir o‘tkazadi.
Prezident, shuningdek, mamlakat iqtisodiyoti, xalq farovonligi va milliy xavfsizlikka salbiy ta’sir o‘tkazadigan xatarlarning oldini olish bo‘yicha kerakli choralar ishlab chiqilishi zarurligini ta’kidlab o‘tdi.
Bundan avvalroq, Yevropa Ittifoqi Rossiyaga qarshi yangi sanksiyalar tayyorlayotgani haqida xabar bergan edik.
Izoh (0)