Gionee nomli Xitoy kompaniyasi eng ingichka smartfon ishlab chiqarish bo‘yicha o‘zining avvalgi rekordini yangiladi. Bu haqda Phonearena.com sayti ma’lumotiga asoslanib “Parol” nashri xabar berdi.
Gionee kompaniyasining avvalgi eng ingichka Elife S5.5 smartfoni 0,22 dyuym – 5,5 millimetr qalinlikka ega edi. Endilikda esa ushbu kompaniya yangi Gionee Elife S5.1 smartfonini taqdim etdi va bu smartfonning qalinligi 0,2 dyuym – 5,15 millimetrni tashkil etadi.
Gionee Elife S5.1 smartfoni 139,8×67,4×5,15 millimetr o‘lchamga ega. Unda 4,8 dyuymli AMOLED displey, 5 megapikselli old va 8 megapikselli orqa kamera, 1,2 GGs chastotaga ega Snapdragon 400 protsessori, 1 Gb tezkor va kengaytirib bo‘lmaydigan 16 Gb ichki xotira, 2100 mA·soat quvvatga ega batareya o‘rnatilgan. Smartfon Android 4.3 operatsion tizimida, Amigo 2.0 interfeysida ishlaydi.
Smartfon maksimal ingichkalashtirilgan — agar u bundan ham ingichka bo‘lganida, unga USB va quloqchinni ulash uchun joy topilmay qolar edi :)
Gionee Elife S5.1 smartfoni Xitoyda sentabrdan sotila boshlanadi. Ammo uning narxi qancha bo‘lishi haqida ma’lumotlar yo‘q.
Dunyodagi eng ingichka Elife S5.1 smartfonining suratlarini ushbu manbada tomosha qilishingiz mumkin.
Izoh (0)