AQShda AK-47 avtomatlarining barcha zaxirasi sotilib ketilishiga oz qoldi. Barak Obamaning Rossiya avtomatlari keltirilishini taqiqlab qo‘yishi AQSh aholisi o‘rtasida AK-47 quroliga bo‘lgan talabning sezilarli darajada o‘sishiga olib keldi. Bu haqda The Washington Post nashriga tayanib, “Vesti” xabar bermoqda.
Rossiyaga qarshi sanksiya joriy qilganda Barak Obama AK-47 qurollarining ham keltirilishiga embargo qo‘ydi. Mazkur taqiq e’lon qilingandan uch sutka o‘tib, avtomat sotuvda deyarli qolmadi.
Eng qizig‘i, amerikaliklar aynan Rossiyaning “Kalashnikov” zavodida ishlab chiqarilgan qurollarni sotib olmoqda, deb ma’lum qildi “Rossiya 24” telekanali. AQShda “Kalashnikov” zavodi qurollari eng yaxshi va yuqori sifatli deb baholanadi.
Ma’lumotlarga ko‘ra, har birining narxi 1000 dollardan ziyod ekanligiga qaramay, odamlar 8—10 talab avtomat xarid qilmoqda.
Internetda qurol savdosi bilan shug‘ullanuvchi Los-Anjelesdagi K-Var Corp. kompaniyasi menejeri Robert Keller omborda avtomat qolmaganini ma’lum qildi. “Biz ‘Kalashnikov’ mahsulotlarining ba’zi turlarini yetkazib beryapmiz. Ular juda tez sotilmoqda”, — deydi Keller. Uning so‘zlariga ko‘ra, AK-47 qurollariga nisbatan talab aynan yangi sanksiya joriy etilgach kuchaygan.
Biroq taqiqqa qaramay, bir qancha amerikaliklarga bunday avtomatlarga ega bo‘lish va hatto ularni sotish huquqi ham berilgan.
Rossiya prezidenti mazkur sanksiya AQShning o‘ziga zarar keltirishi va Rossiya — AQSh munosabatlarini boshi berk ko‘chaga olib kirishini qayd etdi.
Izoh (0)