Toshkentlik futbol muxlislaridan biri — To‘rayev Bobur O‘zMTRK “Sport” telekanali ijodkorlariga ochiq xat yo‘llab, unda nima uchun O‘zbekiston Oliy ligasi jonli translyatsiya qilinmayotgani tushuntirib berilishini va Oliy liganing hech bo‘lmaganda 4-5 ta uchrashuvini to‘g‘ridan-to‘g‘ri olib berishlarini so‘radi, deb xabar bermoqda Stadion.uz.
“Assalomu alaykum, hurmatli O‘zMTRK ‘Sport’ telekanali ijodkorlari. Avvalambor, sizlarni yaqinlashib kelayotgan mustaqilligimizning 23 yillik bayrami bilan tabriklayman. Sizlarga uzoq umr va tinim bilmas ishlaringizda rivoj va omadlar tilayman.
Men jurnalist emasman, shu sababdan balki ular kabi chiroyli jumlalarni topib aytolmasman. Men bir oddiy futbol ishqiboziman va bu xatni millionlab o‘zbek futbol shinavandalari nomidan deb qabul qilishingizni so‘rayman.
O‘zbek futboli oxirgi 2-3 yil ichida rivojlanishdan deyarli to‘xtadi. OAVlarda futbolimizni rivojlantirish kerak, stadionlarga muxlislarni qaytarish kerak, oliy ligamiz o‘yinlariga qiziqishni oshirishimiz kerak, degan gaplar jurnalistlarimiz tomonidan ko‘p aytiladi-yu, lekin amalda hech nimani ko‘rmaymiz. ‘Sport’ telekanali ijodkorlari esa, ochig‘i, ishlashmayapti. To‘g‘ri, mundial bahslari jonli efirda namoyish etildi, lekin mundial boshlanguncha ham bu so‘roq ostida turgan masala edi. Butun dunyoda, hattoki eng qashshoq davlatlarda ham jahon chempionati bahslari olib beriladi. Demak, bu sevimli telekanalimiz tomonidan ko‘rsatilgan qahramonlik emas.
Men Yevropa chempionlar ligasi, APL yoki La-liga bahslari haqida gapirmoqchi emasman, chunki bu uchrashuvlar translyatsiyasi uchun ma’lum miqdorda mablag‘ kerakligini va bu ‘Sport’ telekanaliga bevosita bog‘liq emasligini juda yaxshi tushunaman. Lekin oliy ligamiz o‘yinlari translyatsiyasini ham kimdandir sotib olishimiz kerakmi? To‘g‘risi, bu xatni yozish uchun har hafta o‘tirardim-u, lekin andisha qilardim. Mayli oliy ligamizni barcha o‘yinlarinimas, hech bo‘lmaganda 4-5 ta uchrashuvni jonli translyatsiya qilishga nima xalaqit qilayotganini tushunmayapman. Oliy ligamiz o‘yinlari ketayotgan bir paytda ‘Sport’ telekanalida endigina maktabda o‘qiyotgan sportchi yoki sportchi qizimiz hayoti efirga beriladi. Bu kim uchun qiziq?! Nahotki to‘ylarda 5-6 ta kamera ishlayotgan hozirgi davrda Respublika darajasidagi teleradiokompaniya bir o‘yin translyatsiyasi uchun ikkita kamera topib bera olmasa?
Ayniqsa, alam qiladigani, oxirgi turning markaziy o‘yini — ‘Lokomotiv’ – ‘Bunyodkor’ uchrashuvi kechqurun soat 24.00 da efirga uzatildi. Shuncha kameralar ovora bo‘lib olingan futbol matchini jonli tarzda efirga uzatish nahotki shunchalik qiyin ish? Kechqurun yarim tunda hisobi oldindan bilib bo‘lingan o‘yinni kim ko‘radi, ochig‘i hayronman. Balki ‘Sport’ telekanali sharhlovchilarini oliy liga bahslari mutlaqo qiziqtirmas, degan xulosaga kelaman. Nima qilsa ham shu o‘zimizning futbol-ku. Bu futbolni rivojlantirish uchun muxlislar sonini ko‘payishi juda katta ahamiyatga ega-ku. Futbol bahslarini tomosha qila olmaydigan inson qanday qilib muxlislik qilishi mumkin?! Axir ‘Nasaf’ — ‘Paxtakor’ o‘yinini ko‘rish uchun hamma ham Toshkentdan Qashqadaryoga bora olmaydi! Menimcha, oliy ligamiz o‘yinlarini translyatsiya qilishga hech nima xalaqit bermayapti, faqat ozgina harakat kerak. ‘Sport’ telekanali shuning uchun tashkil qilinmaganmi?!
To‘g‘ri tanqid qilish oson ish, lekin bu fikrlar millionlab o‘zbek futbol ishqibozlari dardi ekanini ham hisobga olish kerak. Agar gaplarim kimningdir ko‘ngliga qattiq botgan bo‘lsa, uzr so‘rayman. ‘Sport’ telekanaliga yana bir iltimos, agar iloji bo‘lsa, Rossiya premyer-ligasi bahslari, ayniqsa, Ahmedov va Denisov kabi bizning futbolchilarimiz to‘p surayotgan klublar ishtirokidagi matchlarni ham olib bersangiz. Yevropa grantlari bahsini tomosha qila olmayotgan yurtimiz aholisi uchun shuni o‘zi ham yupanch bo‘larmidi.
Hurmatli O‘zMTRK ‘Sport’ telekanali ijodkorlari, iltimos, futbol xalqini futbolsiz qoldirmang! Axir bu sizning majburiyatingiz!!!”
Eslatib o‘tamiz, bu “Sport” telekanaliga jo‘natilayotgan birinchi maktub emas. Bundan avvalroq, o‘zbekistonlik bir ishqiboz “Sport” telekanaliga YeChL va Yevropaning kuchli beshlik chempionatlari translyatsiyasi uchun pul yig‘ib berishni taklif qilgan edi. Keyinroq blogger Baxtiyor Toshtemirov O‘zbekiston Milliy teleradiokompaniyasiga “Futbol” telekanalini ochish taklifi bilan murojaat qildi.
Izoh (0)