Qozog‘iston prezidenti Nursulton Nazarboyev Ukrainadagi vaziyatni tartibga solish uchun Ukraina rahbari Pyotr Poroshenkoning Rossiya prezidenti Vladimir Putin bilan muzokaraga bevosita kirishishi tarafdori ekanini ma’lum qildi. Bu haqda “Segodnya” xabar bermoqda.
“O‘ylashimcha, siz Putin bilan bevosita gaplashishingiz kerak. Rossiya uchun ham, Ukraina uchun ham haqiqat vaqti keldi, deb o‘ylayman. Negaki, qon to‘kilishi boshqa davom etmasligi kerak”, — dedi Qozog‘iston prezidenti Minskda Ukraina rahbari bilan bo‘lib o‘tgan uchrashuvda. U tomonlarning tezroq tinchlik o‘rnatilishi uchun o‘zaro kelishuvga erishish yo‘llarini topishi lozimligini qo‘shimcha qildi.
Shuningdek, Nazarboyev Ukrainaning sharqiy tumanlarini gumanitar yordam bilan ta’minlashga tayyorligini ma’lum qildi.
Qozog‘iston rahbari mojaroning davom etishi dunyo miqyosida ziddiyat keltirib chiqarishi mumkinligini ta’kidladi.
O‘z navbatida, Ukraina prezidenti Minskda Nazarboyev bilan bo‘lib o‘tgan uchrashuvga ijobiy baho berib, Qozog‘iston Ukrainaning do‘sti ekanligi va shunday bo‘lib qolishini aytdi. Bundan tashqari, Poroshenko Minskdagi uchrashuv Donbass voqealari yuzasidan ijobiy natija berishiga umid qilayotganini qayd etdi.
Eslatib o‘tamiz, bugun Minskda Ukraina — Yevropa Ittifoqi — “Yevrosiyo uchligi” uchrashuvi bo‘lib o‘tishi rejalashtirilgan. Kecha Rossiya prezidenti matbuot kotibi Poroshenkoning Putin bilan uchrashishi haqida aytib o‘tgan bo‘lsa-da, mazkur uchrashuv hozircha tadbirlar dasturiga kiritilmagan. Biroq, berilgan ma’lumotlarga ko‘ra, dasturga o‘zgartirishlar kiritilishi mumkin.
Izoh (0)