25-avgust kuni kechki payt chegarada sodir bo‘lgan otishma munosabati bilan Qirg‘iziston Tojikistonga nisbatan e’tiroz notasini yubordi. Shuningdek, u “zudlik bilan barcha aybdor shaxslarni javobgarlikka tortish”ni talab qildi. Bu haqda Qirg‘iziston tashqi siyosat qo‘mitasining axborot xizmati bergan ma’lumotga tayanib, “ITAR-TASS” xabar berdi.
Ikki mamlakatning harbiylari o‘rtasidagi otishma Qirg‘izistonning Tojikiston bilan chegarasi yaqinida joylashgan Laylak tumanida sodir bo‘lgan.
Qirg‘iziston Tashqi ishlar vazirligi “Tojikiston harbiylari qirg‘izistonlik harbiylarga o‘qotar qurol orqali o‘t ochgan. Natijada otishma boshlangan. Bundan tashqari, yarim soat davom etgan otishma davomida Qirg‘izistonning ‘Kulundu’ darvozasi Tojikiston tomondan minomyot bilan o‘qqa tutilgan”, — deb qayd etdi.
Axborot agentligi yuborilgan rasmiy notada sodir bo‘lgan voqea yuzasidan qat’iy norozilik bildirilib, Tojikistonni xalqaro huquq norma va tamoyillariga rioya qilishga chaqirilgani haqida ma’lumot berdi. Bundan tashqari, Qirg‘iziston barcha aybdorlarni javobgarlikka tortib, Tojikiston harbiylarining ikkitaraflama kelishuvlarga zid bo‘lgan mazkur harakatlari tushuntirib berilishini talab qilgan.
Tojikiston Milliy xavfsizligi davlat qo‘mitasining Chegara bosh boshqarmasi talqini bo‘yicha esa mojaro mahalliy dehqonlar va qirg‘izistonlik chegarachilar o‘rtasida Qirg‘iziston tomonidan Tojikiston chegarasidagi bahsli hududda ko‘prik qurish ishlarining tiklanishi munosabati bilan yuzaga kelgan. O‘zaro ziddiyat Qirg‘iziston chegarachilari tomonidan o‘q otilishi bilan tugagan. Chegara bosh boshqarmasining ta’kidlashicha, tojikistonlik harbiylar o‘t ochmagan.
Ikki nafar Tojikiston fuqarosining umriga zomin bo‘lgan mazkur voqea joriy yilda Qirg‘iziston — Tojikiston chegarasida qayd etilgan uchinchi katta otishmadir.
Izoh (0)