Belgiyadagi Luven katolik universiteti professori Yul Yanssens O‘zbekiston Respublikasi mustaqilligining 23 yilligi munosabati bilan O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Islom Karimov nomiga tabrik maktubi yo‘lladi. Maktub O‘zbekiston Milliy Axborot agentligida e’lon qilindi.
Professor Yul Yanssens Prezidentni O‘zbekiston Respublikasi hayotidagi muhim sana – mustaqillikning 23-yilligi bilan chin dildan samimiy tabriklar ekan, shu yillar mobaynida O‘zbekistonning siyosiy tizim va iqtisodiyotni isloh etish hamda modernizatsiyalash, buyuk allomalar asarlarini qamragan bebaho merosni o‘rganish va yanada boyitishda ulkan yutuqlarga erishganini qayd etdi.
“Joriy yilning may oyida Samarqand shahrida o‘tgan o‘rta asrlardagi Sharq buyuk allomalari va mutafakkirlarining ilm-fan va jahon sivilizatsiyasi taraqqiyotidagi roliga bag‘ishlangan xalqaro konferensiyada ishtirok etish men uchun katta sharaf bo‘ldi. Siz mening Abu Ali ibn Sino va Abu Rayhon Beruniy asarlarini o‘rganish borasidagi faoliyatimga yuksak baho berganingizdan g‘oyat to‘lqinlandim, boshim osmonga yetdi. Sizning e’tiboringiz menga ushbu yo‘nalishdagi tadqiqotlarimni davom ettirish va dunyo jamoatchiligini buyuk o‘zbek olimlarining jahon sivilizatsiyasidagi o‘rni bilan tanishtirishga yanada ko‘proq hissa qo‘shishimga kuch-g‘ayrat bag‘ishladi.
Bugun xalqaro maydonda o‘zining munosib o‘rnini egallagan O‘zbekiston Sizning dono rahbarligingizda buyuk o‘zbek mutafakkirlari merosiga tayangan holda, bundan buyon ham o‘z taraqqiyot yo‘lini izchil davom ettirishiga ishonaman. Men O‘zbekiston — Belgiya o‘rtasidagi do‘stona munosabatlarni yanada mustahkamlashga ham, o‘zbekistonlik yoshlarni buyuk ajdodlarni hurmat qilish va e’zozlash ruhida tarbiyalashga ham o‘zimning kamtarona hissamni qo‘shishga tayyorman”, — deyiladi maktubda.
Professor Yul Yanssens O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti, oila a’zolari va yaqinlariga mustahkam sog‘lik, mehmondo‘st O‘zbekiston xalqiga tinchlik-omonlik, farovonlik va ravnaq tilab, o‘z maktubini yakunladi.
Izoh (0)