Toshkentdagi Rossiya ilm-fan va madaniyat markazida imtihonlardan muvaffaqiyatli o‘tgan O‘zbekiston Respublikasi akademik litsey va kasb-hunar kollejlari bitiruvchilariga RF oliy ta’lim muassasalarida o‘qish uchun sertifikatlar taqdim etish marosimi bo‘lib o‘tdi. Bu haqda UzDaily.uz xabar bermoqda.
Joriy yilda o‘zbekistonlik 233 nafar talaba Rossiya Federatsiyasi OTMlarida ta’lim olish uchun maxsus sertifikatni qo‘lga kiritdi. O‘zbekistondagi “Rossotrudnichestvo” vakolatxonasi rahbari Valeriy Kayer marosimni ochib berar ekan, ta’lim dasturlari ikki davlat o‘rtasida o‘rnatilgan gumanitar sohadagi hamkorlik aloqalarining eng muhim yo‘nalishlaridan biri ekanligini qayd etdi.
Valeriy Kayer Rossiyaning turli shaharlarida ta’lim oluvchi bo‘lajak talabalarga o‘qishlarida omad tilar ekan, bir-birlari bilan, shuningdek, Rossiya ilm-fan va madaniyat markazi bilan aloqalarni uzmasliklari lozimligini ta’kidlab o‘tdi.
Ma’lumot uchun, Rossiya Federatsiyasi va O‘zbekiston Respublikasi o‘rtasidagi hukumatlararo bitimga muvofiq, o‘zbekistonlik iste’dodli yoshlar mamlakat xo‘jaligida talab katta bo‘lgan yo‘nalishlar bo‘yicha RFning eng ilg‘or oliy ta’lim muassasalarida o‘qishga jo‘natiladi.
Izoh (0)