Xitoyning Nankin shahrida boshlangan ikkinchi o‘smirlar yozgi olimpiada o‘yinlarining birinchi kuni O‘zbekiston sportchilari stol tennisi, suzish, dzyudo, sport gimnastikasi va og‘ir atletika bo‘yicha o‘tkaziladigan musobaqalarda g‘oliblik uchun kurash olib boradi. Bu haqda Uff.uz xabar bermoqda.
Ayni damda dzyudochi Suhrob Tursunov (-66 kilogramm) medallar uchun kurashda yaxshi imkoniyatga ega bo‘lib turibdi. Polvonlar bellashuvida tatamiga chiqqan Suhrob birinchi bahsda bolgariyalik Stoyan Tarapanovni muddatdan avval ippon bahosi bilan yengdi. Biroq ikkinchi bellashuvda ukrainalik tajribali sportchi Bogdan Yadov ustidan g‘alaba qozona olmadi.
Suhrob o‘tish turnirida ishtirok etish uchun dastlab belaruslik Dmitriy Minkovni, undan so‘ng armanistonlik Dermishyanni mag‘lub etib, bronza medal uchun kurashni davom ettirish huquqiga ega bo‘ldi.
Suhrob Tursunov bronza medal uchun kurashda dastlab Kosta-Rika vakili Julian Sancho bilan bellashadi. Agar u ushbu uchrashuvda zafar quchsa, Xitoy yoki koreyalik sportchiga qarshi kurashadi.
Suhrob Tursunovni saralash bahslarida yengan ukrainalik Bogdan Yadov yarim finalda koreyalik sportchini ham mag‘lub etib, hal qiluvchi final bellashuvida yaponiyalik Abe Xifumi bilan kurash olib boradi.
Stol tennisi bo‘yicha boshlangan musobaqalarda ishtirok etayotgan o‘zbekistonlik Regina Kim esa guruh bahslarining birinchi uchrashuvida fransiyalik A. Zarifga 1:3 hisobida imkoniyatni boy berdi.
Bugun, shuningdek, Yulduz Kulgavaya va Shahboz Abdujabborov akademik eshkak eshish, Andrey Pravdivsev suzish, Timur Qodirov sport gimnastikasi hamda Adhamjon Ergashev og‘ir atletika musobaqalarida ishtirok etadi.
Izoh (0)